Taniqli shoir Erkin Samandar vafot etdi
Dramaturg sifatida “Javohir”, “Ajdodlar qilichi”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Bashorat”, “Arabmuhammad”, “Dilda borim” va boshqa sahna asarlarini yozgan.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, nosir va dramaturg Erkin Samandar vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
Erkin Samandar 1935 yilning 22 martida Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Navxos qishlogʻida dunyoga kelgan. 1957 yili viloyat Pedagogika institutini, 1967 yili OʻzFA Til va adabiyot institutining aspiranturasini tamomlagan. Oʻzbekiston televideniyesi “Yoshlik” studiyasining bosh muharriri, adabiy-dramatik eshittirishlar dasturining bosh muharriri, “Xorazm haqiqati” viloyat gazetasining muharriri vazifalarida faoliyat koʻrsatgan.
Birinchi sheʼriy toʻplami “Amu jilolalari” (1966) nomi bilan chop qilingan. Shuningdek, uning “Dunyoning yoshligi” (1968), “Osmon toʻla nur” (1970), “Vafo degan gavhar” (1973), “Mening yigitlik vaqtim” (saylanma, 1979), “Qabul soatlari” (1980), “Sohildagi bolalar” (1982), “Yablonya vo dvore” (Moskva, 1982), “Bahor oqshomlari” (1984), “Shedrost rassveta” (1985), “Sevgi fasllari” (1987), “Bu bogʻni qaysi bogʻ derlar” (1988), “Sevgi kitobi” (1996), “Va yana bahor” (2010, Sayyora Samandar bilan hammualliflikda), “Koʻngil yoshligi” (2010) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. “Osmonning tosh tulpori”, “Oltin sandiq”, “Qoʻshiq izlab”, “Samarqandni oshiqlar qurgan” kabi dostonlari, 100 dan ortiq qoʻshiqlar muallifidir.
Erkin Samandar tarixiy mavzuda yaratilgan “Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq” (roman, 1989), “Tangri qudugʻi” (roman, birinchi kitob 1989), “Quduq tubidan sadolar” (roman, ikkinchi kitob, 1989), “Pahlavon Mahmud Puryoyvaliy” (2000), “Sulton Jaloliddin” (roman, 2007), “Quyun yuzlari yoxud Ogahiy” (roman, 2009), “Gʻayb qushlari” (roman, qissa va hikoyalar, 2011) kabi kitoblar muallifi hamdir.
Dramaturg sifatida “Javohir” (musiqali drama, 1984), “Ajdodlar qilichi” (tarixiy drama, 1986), “Jaloliddin Manguberdi” (“Yot hujra”, pesa, 1988), “Bashorat” (musiqali drama, 1988), “Arabmuhammad” (tarixiy drama, 1992), “Dilda borim” (musiqali komediya, 2012) kabi sahna asarlarini yozdi. “Avaz Oʻtar”, “Madraim Sheroziy”, “Ming otlilar diyori”, “Ogahiy qoʻlini olgan rais”, “Xiva”, “Qum sayli” kabi hujjatli-publitsistik filmlar yaratdi, koʻplab esselar yozdi.
Xorazm viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan “Dilda borim” (2012) va “Jaloliddin Manguberdi” (2019) spektakllari sahnalashtirilgan.
Erkin Samandar “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist (1990) faxriy unvoni va “Doʻstlik” (2015) ordeniga sazovor boʻlgan.