Xavf solib kelayotgan byudjet taqchilligi

Iqtisodiy defitsit aslida qay darajada xavfli va uni zudlik bilan bartaraf etish choralari bormi?

Iqtisod
13-aprel, 19:32
Xavf solib kelayotgan byudjet taqchilligi

Oʻzbekiston davlat byudjeti defitsiti (taqchilligi) joriy yilning birinchi choragida rekord darajadagi 19,8 trillion soʻmga(1,56 milliard dollarga) yetdi. Bu oxirgi 12 yildagi rekord koʻrsatkich hisoblanadi.

Byudjet daromadlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 %ga, xarajatlari esa 19,3 %ga oʻsgan.

Byudjet daromadlari oʻtgan yilning birinchi choragiga nisbatan 6,8 foizga, xarajatlari esa 19,3 foizga oshgan.

2024 yilda davlat byudjeti daromadlari 270,4 trillion soʻm, xarajatlari 280,7 trillion soʻm, taqchilligi esa 10,3 trillion soʻm boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Umuman olganda, oxirgi 4 yilda byudjet defitsitining belgilangan limitlari uzluksiz buzib kelinmoqda. Xususan, 2023 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti cheklangan miqdori 3,0% etib belgilangan boʻlsa-da, 5,5%ni tashkil etgan.

2024 yil konsolidatsiyalashgan byudjeti 52,6 trln. soʻmlik defitsit bilan qabul qilingan.

Defitsit qanday paydo boʻladi?

Davlat byudjetni shakllantirish va ijro etish jarayonida byudjetning daromad va xarajat qismlari balansi buzilishi mumkin. Bunday taqchillikni har qanday davlat har qanday davrda boshidan kechirishi mumkin.

Byujet taqchillligi, yaʼni defitsiti (latincha deficit – yetishmaydi) holatida shunday moliyaviy vaziyat vujudga keladiki, unda davlat barcha soliq va toʻlovlardan tushadigan mablagʻlar miqdoridan koʻproq mablagʻ talab qiluvchi xarajatlarni rejalashtiradi.

Yaʼni muayyan davrda byudjet xarajatlarining byudjet daromadlaridan ortiq boʻlgan summasiga defitsit deyiladi.

Boshqacharoq aytilsa, davlat “tagi yoʻq” daromadlar – kelgusida tushum boʻlishi mumkin daromadlar hisobidan xarajatlarni oshirib yuboradi.

Defitsitga olib boruvchi omillar turlicha boʻladi:

  • favqulodda vaziyatlar (tabiiy ofatlar, texnogen falokatlar, urushlar, ommaviy tartibsizliklar);
  • davlat sektoridagi korrupsiya;
  • ishlab chiqarishning pasayib ketishi, mudofaaga xarajatlarning ortib ketishi;
  • davlat moliyaviy tizimining samarasizligi; notoʻgʻri iqtisodiy-moliyaviy siyosat;
  • soliq tizimining nomukammalligi va buning natijasida xufyona iqtisodiyot ulushining ortishi;
  • iqtisodiy inqiroz paytida davlat byudjetiga tushumlarning kamayishi shular jumlasidandir.

Oʻzbekiston sharoitida esa, ekspertlarning aytishicha, byudjet taqchilligi sifatida asosiy aktiv va pul oqimlarini egallab olgan oligarxiya va monopoliyalarga imtiyoz va preferensiyalar, qolganlarga, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesga noteng imkoniyatlar, davlat va boshqaruv xarajatlarining tiyilmagani va iqtisodiy xarajatlarning samarasizligi, oʻgʻirlik va xalq pulini noqonuniy oʻzlashtirishga asoslangan energetika sabab qilib koʻrsatilmoqda.

Baʼzan davlat byudjetida yuz bergan taqchillikka sabab qilib davlat samarali maʼmuriy va moliyaviy boshqaruvni eplay olmayotgani, korrupsiya va nazoratsizlik bois pulni isrof qilib, oʻgʻirlanishiga yoʻl qoʻygani emas, balki ijtimoiy sohaga koʻproq mablagʻ ajratilgani bilan izohlashadi.

Masalan, ekspertlarning aytishicha, 2023 yilda yuzaga kelgan byudjet defitsiti oshganini amaldorlar ijtimoiy xarajatlar oshgani bilan tushuntirishga urinadi. Aslida buning teskarisi yuz bergan.

2023 yilda ijtimoiy xarajatlarning davlat byudjeti xarajatlaridagi ulushi 49,7%dan 48,9% gacha pasaygan. Ayniqsa, sogʻliqni saqlash, nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlarida bu yaqqol koʻrinadi. Sogʻliqni saqlash uchun xarajatlarning ulushi 2022 yildagi 11,5%dan 11,0%gacha, nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya ulushi esa 8,2%dan 6,8%gacha pasaygan.

Defitsitning nimasi yomon?

Defitsit paydo boʻlishi darrov vahimali signal hisoblanmaydi. Defitsitning qanchaligi va qaysi davrlar mobaynida saqlanib qolishiga eʼtibor qaratiladi.

Masalan, 2023 yilda prezident qarori bilan byudjet defitsitining “qizil” chegarasi (limiti) YaIMning 3% dan 5%ga, yaʼni joriy limit 53,4 trln. soʻmdan 20,87 trln. soʻmga (taxminan 1,8 mlrd. dollarga) oshirilgan edi. Yaʼni Oʻzbekiston uchun byudjet defitsiti YaIMning 5 foizidan oshsa, oʻta xavotirli holat hisoblanadi.

Aslini olganda, masalan, Rossiya sharoitida davlat byudjetining defitsiti YaIMning 3 % dan oshmasa, uni bartaraf etish mumkin deb hisoblanadi. Bunday defitsitni hatto vaqtinchalik deb ham atashadi. Agar taqchillik 10 %dan oshsa, “yoʻl qoʻyish mumkin boʻlgan” defitsit, 20 % dan oshganda esa tashvishli defitsit deb ataladi.

Shuningdek, Rossiya qonunchiligiga koʻra, federal byudjet defitsitining miqdori byudjet investitsiyalari va Rossiya davlat qarziga yoʻnaltiriluvchi xarajatlardan ortiq boʻlmasligi lozim.

Defitsit miqdori iqtisodiyotga taʼsir qiluvchi turli omillarga bogʻliq boʻladi va u oʻzgarib turadi. U yoki YaIM, yoki YaNMga nisbatan, yoxud tasdiqlangan byujdet xarajatlariga nisbatan baholanadi.

Defitsitning oqibatlari

Byudjetdagi taqchillikning ortishi mamlakat iqtisodiyoti uchun yomon va oʻnglash qiyin oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Masalan, uni yopish maqsadida qoʻshimcha pul ishlab chiqarilishi natijasida inflyatsiya darajasi ortib ketishi mumkin. Chunki pul oqimining koʻpayishi tovar va xizmatlarga qoʻshimcha talab paydo boʻlishga olib keladi. Talabning taklifga nisbatan koʻpayishi esa narxlar oshishiga sabab boʻladi.

Qarz bilan qoplash natijasida davlatning tashqi qarzi koʻpayib ketadi. Natijada davlat oʻz mustaqilligini qisman yoʻqotadi – qarz olgan davlatlar va tuzilmalarga qaramlik paydo boʻladi. Pirovardida davlatning xalqaro maydondagi obroʻsiga putur yetadi. Bunday davlatga ishonch yoʻqolishi bois keyinchalik qarz bermay qoʻyishlari ham mumkin.

Byudjet taqchilligi davlat iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish miqdori pasayadi, mamlakat valyuta zaxiralari “quriydi”, eksport kamayadi aholining hayot darajasi va sifati pasayadi. Inflyatsiya oshishi, davlat qarzining ortib ketishi kuzatiladi.

Agar hukumat byudjet taqchilligiga eʼtibor qilmasdan, byudjet intizomini surunkali buzishda davom etsa, chuqur siyosiy inqiroz yuz berishi mumkin. Masalan, Shri-Lankada pandemiya natijasida odatda turizmdan tushadigan daromadlar tushib ketgan. Hukumat esa byudjet pulini sarflashda davom etgan. Natijada avval byudjetda taqchillik, soʻngra esa qurolli toʻqnashuvlarga aylangan xalq norloziliklari yuzaga kelgan edi.

Defitsitni bartaraf etish uchun nima qilinadi?

Davlat byudjetida taqchillik yuz berganida asosan 3 xil harakat: xarajatlarni qisqartirish, daromad va tushumlarni oshirish yoki defitsitni moliyalashtirish amalga oshiriladi.

(Ayrim mutaxassislar bu uslublarni: byudjet defitsitini monetizatsiyalash; qarz olish hisobidan moliyalashtirish; soliqqa tortishni oshirish tarzida koʻrsatishadi).

Xarajatlarni qisqartirish, aslini olganda, eng qiyin usul. Chunki jamiyat va davlat har yili biror-bir sohaga maʼlum bir mablagʻni yoʻnaltirib turgan boʻlsa, endi shu yoʻsinga “oʻrganib” qoladi. Uni bekor qilish yoki tejamkorlikka urinish ijtimoiy norozilikka sabab boʻlishi mumkin. Masalan, Oʻzbekistonda tejamkorlikni ayni ijtimoiy sohadan boshlashga qaror qilishga urinishdi: bola tugʻilganda beriladigan 1 martalik pulni faqat birinchi bolaga berish, qolgan farzandlarga esa berishni toʻxtatish yoki turli byurokratik toʻsiqlar bilan bermaslikka qaror qilindi.

Eng maqbul yoʻl esa davlat apparati va byurokratik “moliya oʻpqonlarini” qisqartirish boʻlardi. Oʻzbekistonda ham avvaliga boshqaruv apparatini optimallashtirish va qisqartirishga urinib koʻrishdi. Biroq oradan 1 yil oʻtaroʻtmas, yana turli keraksiz idoralar – “byudjet kushanda”lari yomgʻirdan keyin chiqqan qoʻziqorindek koʻpaya boshladi. Zero Oʻzbekistonda eng yomon odat urfga kirgan: biror muammo tugʻilsa, uni tahlil qilib oʻrganib, mavjud imkoniyatlar va xarajatlar doirasida hal qilinmaydi, balki darrov alohida tuzilma yoki lavozim ochilib, oʻshanga yuklanadi. Byudjetni soʻradigan yana bir “oʻpqon” paydo boʻladi. Yangi vazirlik yoki idora esa boshqa turdosh idoralarning vazifalarini takrorlaydi, muammolarni hal qilish oʻrniga “oyoq ostida oʻralashib” muammoni battar ogʻirlashirib yuboradi, bir muammo oʻrniga ikkitasi paydo boʻladi.

Byudjet taqchilligini bartaraf etishning ikkinchi yoʻli – daromad hamda tushumlarni oshirish shaklida boʻladi.

Buning uchun soliqlar, turli boj hamda yigʻimlar, jarimalar oshiriladi.

Byudjetni monetizatsiya qilishda esa davlat qoʻshimcha pul ishlab chiqaradi va muomaladagi milliy valyuta oqimini koʻpaytiradi. Bunda davlat “senoraj”, yaʼni foyda koʻradi.

Qarz bilan qoplashda davlat xorijdagi yoki xalqaro hamda mintaqaviy fondlardan qarz oladi. Masalan, sovet davrida davlat xalqdan qarz olgan – zayomlar muomalaga chiqarilgan. Bu zayomlar uchun yiliga 6 foiz atrofida foizlar berilishi koʻzda tutilgan. Belgilangan muhlat oʻtgach, davlat ushbu zayomlarning pulini qaytarish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.

Davlat shuningdek, xorijdagi mijozlar uchun qarz yotuvchi turli obligatsiyalarni – davlat qimmatbaho qogʻozlarini (masalan yevrobond) chiqaradi va shu orqali pul yigʻib oladi.

Yoki ishlab chiqarishni hamda qazilma boyliklari sotishni koʻpaytirish, davlat aktivlarini sotish yoki xususiylashtirish yoʻli bilan ham mablagʻlar jalb etilishi mumkin.

Bu kabi usullarga byudjet taqchilligini moliyalashtirish deb ataladi.

Masalan, 2022 yilda Oʻzbekistonda byudjet taqchilligi qanday qoplanganiga nazar solsak. Davlat byudjeti taqchilligining 63,5 foizi tashqi qarzlar, jumladan, moliyaviy institutlar, xalqaro moliyaviy institutlarning kreditlari va yevroobligatsiyalar (16,66 trln. soʻm), maqsadli davlat dasturlarini amalga oshirish uchun olingan qarzlar (5,73 trln. soʻm) hisobidan yopilgan.

Qolgan mablagʻlar – ichki moliyalashtirish manbalari (10,87 trln. soʻm): davlat aktivlarini xususiylashtirish (4,5 trln. soʻm), davlat obligatsiyalarini chiqarish – 6, 37 trln. soʻm, shuningdek, yil boshiga qolgan mablagʻ qoldiqlari (1,95 trln. soʻm) hissasiga toʻgʻri keladi.

Davlat, shuningdek, iqtisodiyotning dotatsion (boqimanda) yoʻnalishlariga byudjetdan mablagʻ ajratishni kamaytirish, soliq tizimini takomillashtirish va boshqa usullardan ham foydalanishi mumkin.

Xulosa qilgan holda shuni aytish mumkinki, byudjet taqchilligi va davlat qarzi odatda “qoʻl ushlashib” keladigan muammolar hisoblanadi. Agar davlat ularni nazoratga olmasa, xususan, byudjet intizomiga rioya etilmasa, davlat iqtisodiyotini vayron qiluvchi moliyaviy-iqtisodiy jarayonlarga start berishi mumkin.

© 2023 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+