“Ovoz” loyihasidagi katta gonorarlarga izoh berildi
Madaniyat vazirligining taʼkidlashicha, bu mablagʻ teleloyihani tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarning 30 foizini tashkil etadi.

“Ovoz” loyihasi ishtirokchilariga toʻlanadigan gonorar miqdori (jami 1,9 mlrd. soʻmdan ortiq) xususidagi xabarlar yuzasidan Madaniyat vazirligi izoh berib oʻtdi.
Unga koʻra, The Voice of Uzbekistan teleshousini Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha litsenziya (franshiza) Talent show MChJ tomonidan 5 mlrd. soʻmdan ortiqroq mablagʻ evaziga sotib olingan.
Teleloyihani toʻliq ishga tushirish va taklif etilgan ishtirokchilarning ustozlari, sozanda va boshqa tashkilotchilarga gonorar toʻlovlarini toʻlab berish maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan 2 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan. Xarajatlar miqdori soliq va boshqa yigʻimlarni hisobga olgan holda koʻrsatib oʻtilgan.
Madaniyat vazirligi tomonidan rejalashtirilgan mazkur mablagʻ teleloyihani tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarning 30 foizini tashkil etadi.
Vazirlik har doim ochiqlik, shaffoflik va soʻz erkinligini qoʻllab-quvvatlashini, jamoatchilik bilan oʻzaro muloqotga hamisha tayyorligini bildirdi.