Italiyada IShID aʼzosi sifatida gumonlangan tojikistonlik ushlandi
U turli yillarda oʻzini Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Ukraina fuqarosi sifatida koʻrsatib yashirinib yurgan.

Rim aeroportida politsiya IShIDning faol aʼzosi boʻlishda gumonlangan Tojikiston fuqarosini qoʻlga oldi. Uni hibsga olish uchun xalqaro buyruq chiqarilgan. Bu haqda politsiya bayonotiga asoslanib, Reuters xabar bermoqda.
Erkak 2014 yildan buyon Suriyada terrorchilar tomonida jang qilgan, shundan soʻng u turli shaxslar, jumladan, oʻzini Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Ukraina fuqarosi sifatida koʻrsatib yashirinib yurgan. Qochqin sifatida tasvirlangan erkak Niderlandiyaning Eyndxoven shahridan Rimning Fiumicino aeroportiga qoʻnganidan soʻng xalqaro hibsga olish buyrugʻi bilan toʻxtatildi.
Italiya rasmiylari Rossiya va oʻtgan oy Moskva yaqinidagi konsert zalida sodir etilgan halokatli hujumga ishora qilmagan, bu terakt Rossiyada yashovchi bir necha tojikistonlik hibsga olingandi.
Politsiya bayonotida uning uchun orderni qaysi davlat bergani aytilmagan. Bayonotda, shuningdek, erkak 1992 yilda tugʻilgani va 2014 yilda Suriya hududidagi IShID safida xorijlik jangari sifatida roʻyxatga olingani aytiladi.
Eslatib oʻtamiz, shu yilning 22 mart kuni Moskva viloyatida teraktda 140 nafardan oshiq kishi halok boʻldi. Unda gumonlanib oʻndan ziyod Tojikiston fuqarosi qoʻlga olindi.