Ramazon hayiti 10 aprel kuniga toʻgʻri kelmoqda
Oʻzbekiston musulmonlar idorasi Ulamolar kengashining yigʻilishida bu haqda maʼlumot berildi.

Musulmonlar idorasi xabariga koʻra, 2024 yilgi Ramazon hayiti 10 aprel kuniga toʻgʻri keladi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining navbatdagi onlayn majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Ramazon hayitini koʻtarinki ruhda oʻtkazishga oid kun tartibidagi bir qator masalalar muhokama qilindi.
"Yigʻilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon hayiti qaysi kunga toʻgʻri kelishi va hijriy 1445 yil Shavvol oyi hilolini kuzatish boʻyicha qilinayotgan ishlar hamda falakiy hisob-kitoblar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil koʻrib chiqildi. Turkiy davlatlar diniy idoralari masʼullari bilan ham ushbu masala keng muhokama qilindi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fiqhiy qoidalar, falakiy hisob-kitoblar va astronomik kuzatishlarga tayangan holda joriy yilda diyorimizda Ramazon hayiti 2024 yil 10 aprel, chorshanba kuniga toʻgʻri kelishi kutilayotganini maʼlum qildi" deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, bu yilgi Ramazon oyining birinchi kuni 11 mart kuniga toʻgʻri kelgandi.