Jizzaxda yangi sanoat zonasi va quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi

Oxirgi besh yilda Jizzaxga 4 milliard dollardan ortiq investitsiyalar kirib kelgan. Invesorlar yana 6 mlrd. dollardan ziyod mablagʻ kiritishga tayyorligini bildirdi. 

Iqtisod
8-aprel, 21:03
Jizzaxda yangi sanoat zonasi va quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi

Oxirgi besh yilda Jizzax viloyatiga 4 milliard dollardan ortiq investitsiyalar kirib kelgan. 50 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 861 million dollarlik eksport qilingan.

Bu yil viloyatda 2 milliard dollarlik 400 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda 11 mingta yangi ish oʻrni ochiladi.

Davlatimiz rahbariga bu sohadagi rejalar taqdimot qilindi. Xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar 6 milliard 100 million dollarlik 50 ta loyihani amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.  

Loyihalar togʻ-kon, mashinasozlik, elektr texnikasi, kimyo, toʻqimachilik, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va farmatsevtika kabi talab yuqori sohalarda. Muhimi, ularning natijasida qariyb 20 ming yangi ish oʻrni yaratiladi.

Oʻzbekiston Prezidentining Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida sanoat va energetika loyihalarining boshlanishiga bagʻishlangan marosim boʻldi.

Maʼlumki, sanoat rivoji barqaror energetikaga bogʻliq. Shu bois bu ikki soha mutanosib rivojlantirilmoqda. Birgina 2023 yilda mamlakatimizda 4 ming 600 ta sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat 6 foizga oʻsib, 656 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Umumiy quvvati 2,4 gigavatt boʻlgan 7 ta yirik issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini tarmoqqa ulandi. Bundan tashqari, 14 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga 12 gigavattli 31 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Bu yil Navoiy, Buxoro, Namangan, Toshkent va Qashqadaryoda 2,6 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanadi. Umuman olganda, muqobil energetikani rivojlantirish hisobiga joriy yilda “yashil” energiyaning generatsiyadagi ulushi 30 foizga yetadi.

– Biz bu ishlarni xalqimizga munosib turmush sharoiti hamda sanoatimiz rivoji uchun uzluksiz energiya taʼminotini yaratish maqsadida amalga oshirayapmiz. Bu hamma hududlarda yaxshi anʼanaga aylanib ulgurdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Jizzax viloyatida ham bunday loyihalar koʻp. Ulardan biri – Gʻallaorol tumanida barpo etiladigan, metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi. U yerda 500 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, armatura, poʻlat sharlar, quvurlar, avtomobil kuzovi va maxsus texnikalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Hududda bojxona ombori ham boʻladi. Jami 5 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Ikkinchi loyiha – Forish tumanida Xitoyning “China Poly Group” va “China Electric” kompaniyalari bilan hamkorlikda quriladigan quyosh elektr stansiyasi.  350 million dollarlik ushbu majmua 500 megavatt quvvatga ega boʻladi. Unda yiliga 1,1 milliard kilovatt soat “yashil” energiya hosil qilinadi. Bu 450 ming xonadonning energiya taʼminoti yaxshilanadi, degani. Stansiyaning dastlabki 200 megavatt quvvat shu yil yakunida tarmoqqa ulanadi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur ikki majmua qurilishini boshlab berdi. 

Yaqin yillarda Sharof Rashidov, Forish va Gʻallaorol tumanlarida yana 1 ming 660 megavattli issiqlik, shamol va quyosh elektr stansiyalari ham quriladi. Bular aholi turmush darajasini oshirib, iqtisodiyot rivojiga qoʻshimcha turtki boʻladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “BMB Holding” kompaniyasining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi agrologistika majmuasini borib koʻrdi.

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi eksportining salohiyati yuqori. Bunda mahsulotlarni yigʻish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan agrologistika markazlari juda muhim.

“BMB Holding” kompaniyasining oʻtgan yil dekabrda ishga tushgan majmuasi ham shulardan biri. Bu loyihaning umumiy qiymati 57 million dollardan ziyod. Majmuada yiliga 10 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash hamda 8 ming tonnani birlamchi qayta ishlash imkoni mavjud. 180 kishi doimiy ish bilan taʼminlagan.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini va eksportga tayyor mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.

Logistika markaziga meva-sabzavot mahsulotlari Jizzax viloyati va qoʻshni hududlardan olib kelinadi. Oʻtgan yili “BMB Holding” tizimidagi agroklaster tomonidan 1 ming 200 dan ortiq fermerdan shartnoma asosida 16 turdagi 52 ming tonnadan ortiq hosil olindi. 

Joriy yilda Sayxunobod tajribasi asosida 2 ming 485 nafar aholi tomorqalari bilan kooperatsiya asosida shartnoma qilinadi. Shuningdek, 4 mingga yaqin fermer xoʻjaligining 14 ming 500 gektar maydonida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Buning natijasida klaster negizida qoʻshimcha 32 mingtadan ortiq mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Majmuada fitosanitar va sanitar-epidemiologik sertifikatlash laboratoriyasi, bojxona hamda bank filiallari, hostel tashkil etilgan. Laboratoriya Rossiya, Xitoy, AQSh va Germaniya davlatlaridan keltirilgan 34 ta eng zamonaviy uskuna bilan jihozlangan. 

Karantin xodimlari shu yerning oʻzida mahsulotlarni koʻrikdan oʻtkazadi. Muhimi, ular tomonidan rasmiylashtirilgan fitosanitar sertifikat 119 ta davlat tomonidan tan olinadi.

Bu kabi imkoniyatlarning mavjudligi korxonaning eksport salohiyati va geografiyasini oshirmoqda. Bugungacha Qozogʻiston, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi va Xitoyga qariyb 43 million dollarlik mahsulot yuborildi. Joriy yil yakuni boʻyicha eksport hajmini 58 million dollarga chiqarish reja qilingan.

Prezidentimiz bunday agrologistika markazlarini boshqa hududlarda ham koʻproq tashkil etib, ularga muayyan dalalarni va mahallalarni biriktirish zarurligini taʼkidladi. Bu tadbirkor uchun yetarli mahsulot, aholi uchun kafolatli xarid imkoniyatini beradi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozim, 2017 yilda tashkil topgan kompaniya tarkibida bugun 4 ta qoʻshma va 26 ta shoʻʼba korxona mavjud. Iqtisodiyotning turli jabhalarida qariyb 1 milliard 500 million dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi BMB Opera Zafferano qoʻshma korxonasi tomonidan 400 gektarlik zaʼfaron plantatsiyasi yaratildi. Yetishtirilgan mahsulotlar USDA ORGANIC sertifikatiga ega boʻlib, Italiya, Avstriya, Gollandiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. AQSh bozoriga kirish uchun ham FDA ruxsatnomasi berilgan.

Kelgusi uch yilda bu loyihaning qiymati 80 million yevroga yetkazilib, zaʼfaron yetishtirish hajmi 1,8 tonnadan 20 tonnaga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bu rejalarni maʼqullab, zaʼfaron maydonlari va eksportini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+