Toshkentda bir festival faoliyati toʻxtatildi
Madaniyat vazirligi bu holatga izoh berib, tashkilotchilar tadbirni oʻtkazish uchun ruxsat olmaganini bildirdi.

Toshkent shahrida 2 apreldan 8 aprelga qadar oʻtkazilishi rejalashtirilgan Artdocfest Asia festivali doirasidagi "Sharqiy front" filmi namoyishi toʻxtatildi, festival rahbariyati Madaniyat vazirligi bu haqda koʻrsatma berganini bildirdi.
"Hozirgina Toshkentda Artdocfest Asia festivali doirasida "Sharqiy front" (Ukrainadagi urush haqidagi hujjatli film – tahr.) filmimiz namoyishi toʻxtatildi. Festival dasturining keyingi barcha namoyishlari ham taqiqlandi. Bu Oʻzbekiston madaniyat vazirligi koʻrsatmasi asosida amalga oshirildi. Bu holat 139 Documentary Center`ning 4 yillik faoliyati davomidagi birinchi voqeadir. Salom "Rus dunyosi!", deb yozilgan postda.
Madaniyat vazirligi bergan munosabatga koʻra, festival tashkilotchilari qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnoma olmaganlar.
2021 yil 14 iyulda qabul qilingan "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida"gi qonunning 1-ilovasiga koʻra, Oʻzbekiston hududida filmni ommaviy namoyish etish ruxsatnoma olish talab qilinadigan faoliyat turi hisoblanadi.
Mazkur qonun, shuningdek, Vazirlar Mahkamasinnng 2022 yil 22 fevraldagi "Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida"gi 86-sonli qaroriga asosan Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi filmni ommaviy namoyish etish uchun bir martalik ruxsatnoma berishga vakolatli organ etib belgilangan.
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga koʻra, respublika hududida mahalliy va xorijiy filmlarni namoyish etish uchun xususiy tadbirkorlar tomonidan Kinematografiya agentligiga ariza bilan murojaat etadi, agentlik ushbu murojaatni 10 ish kunida koʻrib chiqadi.
Bundan tashqari, yuqoridagi hujjatlarda Oʻzbekiston hududida ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun Ichki ishlar vazirligidan ruxsatnoma olishi shart ekani belgilangani aytilgan.
«Biroq 2-8 aprel kunlari Toshkentda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Artdocfest Asia festivali deb nomlangan ommaviy tadbirni oʻtkazish uchun tashkilotchilar Oʻzbekiston qonunchiligida belgilangani tartibda ruxsatnoma olishmagan", deb holatni izohlagan vazirlik.
Qayd etilishicha, tashkilotchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning rasmiy ravishda ogohlantirishlariga qaramay, ommaviy tadbir va filmlar namoyishini tashkil etib, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan.
Shuningdek, vazirlik ommaviy tadbirlar, jumladan, festivallar va ularda filmlar namoyishini toʻxtatish Madaniyat vazirligining vakolatiga kirmasligini bildirgan.