Farmatsevtika markazi direktori ishdan ketdi
Agzam Nartayev 2023 yil sentabrida ushbu lavozimni egallagandi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Nartayev Agzam Orumbayevich boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Uning oʻrniga Temirov Alisher Smatillayevich Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
A. Temirov 2009 yil Toshkent farmatsevtika institutini tamomlagan.Turli yillarda Sogʻliqni saqlash vazirligining Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi Yangi tibbiy texnika qoʻmitasi raisi, Dori vositalar, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi boʻlim boshligʻi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori oʻrinbosari kabi masʼul lavozimlarda ishlagan.
Eslatib oʻtamiz, Agzam Nartayevni 2023 yil boshlarida, markazda boʻlim boshligʻi sifatida ishlaganida sobiq sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov poraxoʻrlikda ayblagan. Ammo shundan yetti oy oʻtgach, 2023 yil sentabrida A.Nartayevning oʻzi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori etib tayinlanishi shov-shuvga sabab boʻlgandi.