Toshkentda tadbirkordan pora olayotgan arxitektor ushlandi
Arxitektor mansabdor otasi bilan til biriktirib, qurilish hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga katta pul talab qilgan.

DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Oʻzbekiston shaharsozlik boʻyicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasining arxitektori andijonlik tadbirkordan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, arxitektor “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning Andijon viloyati filiali direktori lavozimida ishlovchi oʻzining otasi bilan til biriktirib, tadbirkorga Andijon shahridagi 2 ta manzilda koʻp qavatli turar-joy binolarini qurishiga oid qurilish sohasidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tegishli tashkilotlardagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni vaʼda qilishgan.
Hozirda arxitektor va uning otasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda viloyat tumanlaridan biridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori oʻzining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, Qarshi tumanidagi maktab direktorining oʻrinbosarini Yakkabogʻ tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlanishida yordam berish evaziga 55 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avval Andijonda Raqobat qoʻmitasi mansabdori pora bilan qoʻlga tushgandi.




