DXX raqobat qoʻmitasi mansabdorini qoʻlga oldi
U mahsulotlarni aholiga qimmat sotgan farmatsevtika korxonasidan 30 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX joylarda korrupsiyaviy holatlarga chek qoʻydi. Jumladan, Andijonda raqobat qoʻmitasi mansabdori 22,5 ming dollar bilan ushlandi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasida boʻlim boshligʻi oʻrinbosari lavozimida ishlovchi shaxs Andijon shahrida farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi MChJning moliyaviy holati boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvlar jarayonida pul talab qilgan. U MChJga qarashli dorixonalar tomonidan dori vositalarini belgilangan referent narxlardan qimmat narxlarda sotish orqali isteʼmolchilardan 2,1 mlrd. soʻm ortiqcha pul olinganligi holati aniqlangani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani bekor qilib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, mazkur mansabdor shaxs 22,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.Tergovga qadar tekshiruv davomida, u muqaddam 7,5 ming AQSh dollari olganligi ham maʼlum boʻldi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
