Bolalar adabiyoti judolikka uchradi
Taniqli bolalar shoiri “Buloqcha” jurnali bosh muharriri sifatida ishlab kelayotgan edi.

Oʻzbek bolalar adabiyoti ogʻir judolikka uchradi. Taniqli bolalar shoiri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Buloqcha” jurnali bosh muharriri Raim Farhodiy vafot etdi.
Raim Farhodiy 1942 yil 16 may kuni Samarqand shahrida tugʻilgan. 1955 yili Samarqand tibbiyot institutini, 1971 yili Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutini tamomlagan.
U 1967 yildan buyon Yoshlar tashkiloti lektori, "Zvezda Vostoka" jurnali sheʼriyat boʻlimi mudiri, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti bosh muharriri oʻrinbosari, "Xalq soʻzi" - "Narodnoye slova" gazetalari madaniyat boʻlimi muharriri va boshqa nufuzli nashrlarda turli vazifalarda ishlagan.
Ayni paytda u Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Rusiyzabon adabiyot kengashi raisi, “Buloqcha” (“Rodnichok”) bolalar jurnali bosh muharriri sifatida ishlab kelayotgan edi.
Raim Farhodiy bolalar uchun 50 dan ortiq sheʼriy va nasriy kitoblar yozgan. U yetuk tarjimon ham edi. Oʻzbek bolalar sheʼriyatidan asarlarni, Navoiy, Bobur gʻazallarini rus tiliga tarjima qilgan.
Raim Farhodiy 1989 yil "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoni, 1999 yil “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
