Qozogʻistondagi YTHda sakkiz oʻzbekistonlik qurbon boʻldi
Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga koʻra vafot etganlar Mudofaa vazirligining maxsus havo bortida Oʻzbekistonga olib kelinadi.

Qozogʻistonning Aktobe viloyatidagi YTHda sakkiz oʻzbekistonlik halok boʻldi.
2024 yil 3 aprel kuni soat tahminan 17:00 larda Aktobe viloyati, Algin tumanidan oʻtgan Respublika ahamiyatiga ega “Samara-Shimkent” avtomobil yoʻlining 678 km.da “Toyota-Alhpard” rusumli hamda “Volvo” rusumli yuk avtomobili ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan. Natijada “Toyota-Alhpard” rusumli avtomobilida boʻlgan jami 8 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan, baxtsiz hodisada vafot etganlarni Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali Vatanga olib kelish va dafn etish marosimlarini oʻtkazish boʻyicha Hukumat komissiyasi tuzilib, kerakli barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
"Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Favqudodda vaziyatlar vazirligi masʼullari Qozogʻistonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada boʻlib, baxtsiz hodisani kelib chiqish sabablarini oʻrganish boʻyicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda" deyiladi FVV xabarida.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil boshida Rossiyaning Penza viloyatida ham sakkiz oʻzbekistonlik YTH qurboni boʻlgandi.