platina.uz

Tirnoq ichidan kir qidirish(mi?): davlat va xususiy OTM jangi – Rasul Kusherbayev bilan suhbat

Platina.uz “Yosh ziyokor” nodavlat taʼlim tashkilotlari uyushmasi raisi Rasul Kusherbayev bilan suhbatlashdi.

Intervyu
2-aprel, 22:11

Yangi Oʻzbekistonda taʼlim sohasida xususiy sektor faoliyatiga ruxsat berilayotgani oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Taʼlim dargohlarida korrupsiya yoʻqolib, taʼlim sifati oshib boryapti. Biroq oxirgi paytda xususiy oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga toʻsqinlik, ularni takomillashtirish emas, yoʻq qilishga boʻlgan intilish kuchayib borayotgani haqida xabarlar koʻpaydi. Xoʻsh, muammo nimadayu, ayb kimda? Platina.uz shu savollar yuzasidan “Yosh ziyokor” nodavlat taʼlim tashkilotlari uyushmasi raisi Rasul Kusherbayev bilan suhbatlashdi.

– Assalomu alaykum! Bugungi suhbatdoshimiz – “Yosh ziyokor” nodavlat taʼlim tashkilotlari uyushmasi raisi Rasul Kusherbayev.

Rasul aka, oxirgi paytlarda bir paradoksni payqayapmiz: agar kimdir bolasini nodavlat maktabga bergan boʻlsa, darrov yaxshi taʼlim standartlari, hatto davlat maktabidan koʻra yaxshiroq bilim beradigan maskanni tasavvur qilamiz. Lekin nodavlat universitetda oʻqiyman deyilsa, buning aksini tushunamiz-da. Bunga sabab nima? Ularda haqiqatan ham taʼlim standartlari talablariga javob bermaydimi yoki boshqa sabablari bormi?

– Asosiy sabab – nodavlat oliy taʼlim yoʻnalishi bizda hali yangi. Adashmasam, endigina toʻrt-besh yil boʻldi. Hali odamlar bunga koʻnikmagan. Uzoq yillar davomida “oliy taʼlim faqat davlatga tegishli boʻladi”, faqat davlat diplomi boʻlishi kerak degan tasavvur bor edi. Bu sobiq sotsialistik rejimidagi tafakkur asoratlaridan biri. Bir vaqtlar xususiy mulkchilikka nisbatan ham shunday qarash mavjud edi. Lekin asta-sekin xususiy mulkka boʻlgan munosabat oʻzgara boshladi. Ammo haligacha, 30 yildan oshgan boʻlsa-da, xususiy mulk daxlsizligi masalasi bizda amalda hali toʻliq taʼminlangani yoʻq. Bu mazkur jarayonni nazorat qiluvchilarning xolisligi bilan bogʻliq. Ayni paytda nodavlat oliy taʼlim yoʻnalishi yangi soha boʻlishi bilan bir qatorda davlat taʼlim tashkilotlariga nisbatan raqobatchi sifatida ham koʻrilyapti. Yana tagʻin, nodavlat oliy taʼlim muassasalariga litseziya berish, ularning keyinchalik ishlash-ishlamasligini hal qilish vakolatlari esa davlat taʼlimini himoya qiladigan vazirliklarimiz qoʻliga topshirib qoʻyilgan. Nazorat qiluvchi va ruxsat beruvchi idora – Oliy taʼlim vazirligi oʻz qaramogʻida universitetlar boʻlgani uchun nodavlat oliy taʼlim muasasalarini oʻziga raqobatchi sifatida koʻryapti va ularga yoqmayapti. Shu bilan birga NOTMlar davlat oʻquv yurtlaridagi juda koʻp aqlli hamda tajribali oʻqituvchi-pedagoglarni yaxshi maosh toʻlash evaziga oʻziga tortib olyapti. Bu esa tabiiy ravishda nosogʻlom raqobatni paydo qilyapti va bu jarayonda vazirliklarimiz kattaroq imkoniyat va vakolatga ega. NOTMlar bilan sogʻlom raqobatga kirishgandan koʻra, ularni shunchaki yoptirib qoʻyish imkoniyati bor. Biz oʻrganayotgan, litsenziyasi olib qoʻyilayotgan NOTMlardagi kamchiliklarni tahlil qilsak, ular aslida toʻgʻrilab qoʻyish mumkin boʻlgan kamchiliklar edi. Biroq bunga eʼtibor qilmasdan, shunchaki chopib tashlashni maʼqul koʻrishmoqda. Shuningdek, davlat OAV, ayniqsa, vazirlik taʼsir qila oladigan juda koʻp axborot tarqatish manbalari orqali “nodavlat taʼlim yaxshi emas” degan maʼnodagi fikrlar tarqatilyapti. Bu nosogʻlom raqobatning oqibati deb hisoblayman. Demak 2 ta asosiy sabab mavjud boʻlib, birinchisi – bu yoʻnalishning hali yosh ekani, endi kirib kelayotgani bilan bogʻliq, ikkinchisi – davlat monopoliyasi odamlarda NOTM foydasiga ishlamaydigan fikrni shakllantirishga harakat qilayotgani bilan bogʻliq. Odamlar xususiy emas, davlat universitetlarini tanlasin, degan maʼnoda harakatlar ketyapti. Chunki davlat universitetlariga boradigan mablagʻni ham xususiy olib qoʻyyapti-da. Talabalar xususiyda oʻqigani bois, davlat OTM puldan quruq qolishmoqda.

Avvallari litsenziya beradigan idora Vazirlar mahkamasida edi. Keyin bu funksiyasi oliy taʼlim vazirligiga berib yuborildi. Va asosiy muammolar shu vaqtdan yuzaga chiqa boshladi. Ha, tan olish kerak, oliy taʼlim muassasalari tajriba boʻlmasligi mumkin. Oʻzbekistonda bu yoʻnalishda tajriba kam. Lekin umumiy maqsad bor. Yaʼni davlatimiz rahbari oliy taʼlim qamrovini kengaytirish kerak, degan masalani oldimizga qoʻymoqda. Hammani oʻqitishga. davlatning kuchi yetmayapti. Bu jarayonda normal holat – moddiy qudrati borlarga shu sohaga pul tikib, odamlarni oʻqitishga imkon berish kerak. Lekin quyi tizimlardan mana har xil tushunmovchiliklar yuz bermoqda.

Albatta, nodavlat oliy taʼlim muassasalarida ham kamchiliklar mavjud. Ularning hammasini ideal, zoʻr ishlayapti deb aytib boʻlmaydi. Masalan, litsenziyasidan mahrum etilayotgan NOTMlarni koʻrsak, haqiqatan ular ham kamchilikka yoʻl qoʻygan. Lekin bular bartaraf etish mumkin boʻlgan kamchiliklar edi. Endi xuddi shu prizmadan oliy taʼlimga qaraydigan boʻlsangiz, davlat oliy taʼlim muassasalarida bundan battar kamchiliklar bor. Aynan davlat oliy taʼlim sohasida korrupsiya darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Xususiy oliy taʼlimda korrupsiya holati deyarli yoʻq. Lekin bugungi kunda davlatnikidan emas, faqat nodavlat OTMlari faoliyatidan xato qidirilmoqda. Bu nosogʻlom raqobat natijasida kelib chiqyapti, deb hisoblaymiz. Va dahshatli jihati nimada, bilasizmi? Hattoki butun bir sud tizimimizga ayrim topshiriqlar berilyapti. Balki notoʻgʻridir, lekin mendagi maʼlumotlarga koʻra, sudlar NOTMlar boʻyicha xolis qaror chiqarmayapti. Masalan, bir necha oliy taʼlim muassasalarining litsenziyasi olib qoʻyildi. Ular sudga shikoyat kiritishdi. Lekin sudlarga bu shikoyatlarni albatta rad qilinglar, degan topshiriqlar boʻlgani haqida eshityapmiz.

Va hozirgi sud jarayonlarida ochiqchasiga nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga bepisand qaralayotganini kuzatib, haqiqatan ham sudlarga shunday xufyona toshiriq bergan boʻlishlari mumkin degan xulosaga boryapman. Bu gaplarda jon bor, shekilli. Yaʼni ular faqat vazirlik pozitsiyasini himoya qilishmoqda. Aytaylik, qaysidir nodavlat universitet kutubxonasining maydoni, vazirlik talabiga koʻra, 2-3 kvadrat metrdan kamroq ekan. Shuni ham katta ayb deya bahona qilib, litsenziyani olib qoʻyishga urinishmoqda. Bu kamchilikni NOTM 1-2 kunda toʻgʻrilab qoʻymoqda. Lekin “baribir kamchilikka yoʻl qoʻygansan” deb turib olishyapti.

Yoki darsliklar bilan taʼminlash masalasi mavjud. Yoki ayrim NOTMga aytyaptiki, “sen litsenziyada koʻrsatgan bino mana bu, nega boshqa binoda ishlayapsan?” deya tirgʻalishmoqda.

Baraka topgur, sen borib qiziqmadingmi, “nima uchun shunday boʻldi” deb. Va agar oʻsha bino oʻzgargan boʻlsa, unga imkoniyat berib,“kel ariza ber-da, mana buni toʻgʻrilab qoʻy” degan maʼnoda muomala qilish mumkin-ku? Lekin bu kamchiliklarga juda katta qonunbuzarlik sifatida qaralyapti-da. Yaʼni profilaktika yoʻq.

Boshqa tadbirkorlar faoliyatiga qaraydigan boʻlsak, xuddi shunga oʻxshagan kamchiliklarga yoʻl qoʻyilsa, sayyor qabullarda, joylarda boʻlayotgan uchrashuvlarda bu kamchiliklar koʻrib chiqilib, tadbirkorlikni yopib tashlamasdan, ularga tuzatish uchun imkoniyat berilmoqda.

Ikkinchi savol: xoʻsh, nega ayrim universitetlarimiz bu kabi kamchiliklarka yoʻl qoʻymoqda? Chunki litsenziyani olish va unga oʻzgartirish kiritish masalasi shunchalik murakkab, byurokratlashib ketganki, odamni oʻzidan bezdirib yuboradi. Axir, aytaylik, NOTM manzili oʻzgargani bilan, undagi taʼlim sifati oʻzgarib qolmaydi-ku?!

Manzili oʻzgarayotgani haqidagi maʼlumotlar, yana 1-2 ta qoʻshimcha maʼlumotlar kiritib, masalani hal qilsa boʻladi-ku!? Xullas, ayni paytda bunday jarayonlar juda murakkab va koʻp vaqtni oladi.

Bir vazirlik qoshida oʻz universitetlari boʻlib turib, shu bilan birgalikda boshqa NOTMlarga litsenziya berishi – mantiqsizlik, deb oʻylaymiz. Litsenziya beruvchi idora umuman mustaqil boʻlishi kerak. Va u faqat qonun asosida ishlashi kerak. Shunday qonun bor, u litsenziya berish faoliyatini tartibga soladi. Biroq sud hujjatlari bilan tanishib, sudlarning mazkur qonun talablariga ham rioya qilmayotgani fosh boʻlmoqda.

– Qonunchilikka koʻra, davlat oliy taʼlim muassasasi bilan xususiy oliy taʼlim muassasasining maqomi bir xilmi?

– Albatta, har ikki yoʻnalishdagi universitetlarning ham diplomi bir xil, teng kuchga ega. Va davlat buni tan olyapti. Zero, xususiyga litsenziya beryaptimi, demak, uning bitiruvchilariga berilgan diplomlar ham davlatniki bilan teng kuchga ega boʻladi. Bu jihatdan olganda, Taʼlim toʻgʻrisidagi qonunning talablari har ikkisiga ham bir xil qoʻllaniladi.

Nodavlat oliy taʼlim muassasalari sifati bilan oʻzini koʻrsata oldimi? Masalan, nodavlat maktablar buni qaysidir darajada koʻrsata oldi, toʻgʻrimi? Oʻquvchilari oʻqishga oson kiryapti, olimpiadalarga borishyapti. Lekin nodavlat universitetlar, oʻsha institutlar koʻzga koʻrinadigan ishlar qilishdimi, oʻzidagi taʼlim sifati yaxshiroq ekanini isbotlay olishdimi?

– Yuqorida aytganimdek, xususiy oliy taʼlim bizga endi kirib kelmoqda. Koʻpchiligi hali bitiruvchi chiqargani yoʻq. Ular orasida sifati pastroqlari ham bor, albatta. Mijozdan pulni olib, boʻldi oʻqishga kirding, deb keyin diplom berib yuborish holatlari uchrashi mumkin. Qolaversa, xususiy oliy taʼlimning ichida reytingi yuqorilari bor.

Masalan, bittasini bilamiz mana, “Millat umidi universiteti”, uyushmamiz aʼzosi. Unga asos solgan insonlar Oʻzbekistonga IELTS tizimini olib kelgan odamlar. Bular mana shu yerda oʻqiyapti. Ular hech kimni tan olmaydi. IELTS darajasi qanchadandir pastini olmaydi. Va hozir yoki mana PDP universitetini oʻzim borib koʻrganman. Oʻsha universitetda talabalar 3-4-kursdan boshlab deyarli hammasi ishlay boshlaydi ekan. Talaba holining oʻzida kamida 5-6 mln. soʻm maosh olishar ekan. Men ham hayratda qoldim. Ularning talabalari katta-katta davlat idoralarida ishlayapti, IT yoʻnalishida mehnat qilishmoqda. Bu hali men bilganlarim. Albatta, yarq etib koʻrinish, yorqin natija koʻrsatish uchun yana ozgina vaqt kerak, hech boʻlmasa bitiruvchilari koʻpaysin. Maʼlum bir joylarda, katta-katta korporatsiyalarda koʻp yillar davomida ishlab, oʻzini koʻrsatsin. Ertaga ularning birortasi ishsiz qolmaydi, mening fikrimcha. Hozirda xususiy universitetlar xalqaro darajada ham hamkorlik qilishga juda katta eʼtibor qaratyapti. Baʼzi xususiy taʼlim universitetlarining diplomlari xorijda ham qadrlanadigan darajaga chiqishyapti.

– Maʼlumki, universitetlarning TOP-500 talik, TOP-1000 talik degan reytinglari tuziladi. Oʻzbekistonda ham shunday reytinglar bormi?

– Uyushmamiz nodavlat taʼlim muassasalari reytingini shakllantirmoqchimiz. Nasib qilsa, yil yakuni boʻyicha shunday reyting tuzmoqchimiz. Hozir buning standartlari va baholash mezonlari ustida ishlayapmiz. Imkoniyatimizga qarab, albatta. Lekin adashmasam, Oliy taʼlim vazirligi shunday reytinglar qilishadi. Lekin ularning xolisligiga ishonmayman, hozirgi sharoitda. Lekin umumiy xalqaro reytinglar bor. Va uyushma aʼzolari uchun TOP-500, TOP-1000 talik reytinglarga kirish – eng asosiy maqsad hisoblanadi ayni paytda. Bu biz uchun ustuvor vazifalardan biri. Ishonchim komil, agar NOTMlar faoliyati shu tarzda davom etsa, universitetlarimiz tezroq shu reytinglardan oʻrin olishadi.

Vazirlar Mahkamasining 80-sonli qarori bor. Mazkur qarorda xususiy universitetlar qanday boʻlishi koʻrsatib berilgan. Afsuski, mana shu qarorda hayotga toʻgʻri kelmaydigan talablar ham bor. Bu talablar xususiy universitetlarga imkoniyat berish emas, koʻproq ularni imkoniyatdan mahrum qilib, unga litsenziya bermaslikka, ragʻbatlantirmaslikka qaratilgan, deb hisoblaymiz. Shuning uchun mazkur qarordagi talablarni oʻzgartirish boʻyicha takliflar tayyorlab, masʼul idoralarga, jumladan, Oliy taʼlim vazirligiga ham berdik. Masalan, NOTMlarga qoʻyiladigan texnik talablar mantiqqa zid. Deylik, umumiy bino, oʻquv korpusining maydoni qancha boʻlishi kerak, deganda, faqat yer maydoniga nisbatan hisoblanyapti. Lekin bino bir necha qavat boʻlsa-da, bu inobatga olinmayapti. Lekin bunday talablar, davlat oliy taʼlim muassasalariga nisbatan qoʻyilganini bilmaymiz. Lekin xususiylardan talab qilishmoqda. Hozir oʻsha 80-sonli qarorga oʻzgartirish kiritish jarayoni ketyapti, deyishdi bizga. Lekin qonunda hozircha katta kamchilik koʻrmayapmiz. Faqat qonunni hamma uchun teng qoʻllash masalasi hozir dolzarb boʻlib turibdi.

Shuningdek, oliy taʼlimda akademik erkinlik masalasi boʻyicha oʻz takliflarimizni bermoqchimiz. Chunki qoʻyiladigan ayrim talablar bolalarning psixologiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishni boshlayapti. Yaʼni taʼlim olishda erkinlik berish tarafdorimiz. Shundan kelib chiqib takliflarimizni ishlab chiqyapmiz.

– Litsenziyasi olib qoʻyilgan, yaʼni faoliyati tugatilgan nodavlat taʼlim muassasalarining talabalari koʻchada qolyapti. Ularning oʻqishini koʻchirish boʻyicha meʼyoriy hujjatlar bormi?... Yoki bu vaziyat qonun doirasidan tashqaridami?

– Bor, masalan agar mabodo NOTM faoliyati tugatilsa, talabalar boshqa OTMga oʻqishlarini koʻchirish huquqiga ega. Lekin bu jarayon borasida qonunchilikda kamchiliklar bor. Masalan, oʻqishni koʻchirishga oid qarorlar bor, u maʼlum bir davrlarga tatbiq etiladi xolos. Chunki oʻqishni koʻchirish muddatlari bor. Yilda bir yoki ikki marta koʻchirish mumkin. Lekin universitetning litsenziyasini xohlagan paytda olib qoʻyishlari mumkin. Bunday vaziyat mavjud qonunchilikda hisobga olinmagan. Lekin yilning istagan paytida koʻchirish holatlari uchrayapti, yaʼni qonunchilikdan chetga chiqish holatlari roʻy bermoqda. Bu birinchi jarayon. Ikkinchisi, nodavlat taʼlimga nisbatan alohida qoidalar boʻlishi kerak-da. Umumiy tadbirkorlik subʼektlariga nisbatan joriy qilinayotgan ayrim talablar bularga toʻgʻri kelmas ekan. Bu koʻchirishi bilan bogʻliq jarayonda koʻzga koʻrinib qoldi.

– Yana qanday talablar, masalan?

– Masalan, hozir bitta universitetimizning litsenziyasi olinish jarayonida koʻryapmizki, unga hali oʻquv jarayonlari boshlanmasidan oldin ogohlantirish berilgan. Lekin sudda bu jarayonlar oylab choʻzilishi mumkin. Oʻsha universitet birinchi instansiyada yutqazdi, litsenziyasi olib qoʻyildi. Keyin ular apellyatsiyaga berdi. Apellyatsiyada yana yutqazdi. Va qonunchilikka koʻra, apellyatsiya instansiyasida kuchida qoldirilsa qaror avtomatik tarzda kuchga kirib ketadi. Oliy taʼlim muassasasi endi oliy sudga shikoyat kiritsa, Oliy sud quyi instansiya sudining qarori ijrosini toʻxtatib turish maqsadida alohida ajrim qabul qilishi mumkin. Chunki universitet Oliy sudda yutib chiqsa nima boʻladi? Xususiy universitet haq boʻlib chiqsa-chi? Litsenziyasi oʻzida qolsa-chi? Shuning uchun “qarorni ijro qilmay turinglar, hozir ijro qilib qoʻysanglar, keyin orqaga qaytara olmay qolasizlar” deyishlari kerak-ku. Talabalarni tarqatib yuborsang, keyin yutib chiqsa, qanday qaytarasan, deganga oʻxshash holatlar boʻlishi mumkin. Shu bois amaldagi qonunlarga oʻzgartirishlar kiritish kerak. Agar shunday jarayon davom etadigan boʻlsa, hech boʻlmasa, universitetga shu oʻquv yilini tugatib qoʻyish imkoniyatini berish kerak.

Va eng qizigʻi, bu universitetlarimizning ayrimlari hali Oliy sudda jarayonlarda kurashyapti. Lekin ularning talabalarini tarqatib tashlashdi. Ular Oliy sudda yutib chiqsa, nima boʻladi? Qanday qilib uning talabalarini universitetga qaytarib berishadi keyin? Buni hech kim oʻylayotgani yoʻq. Ularda goʻyoki sudda albatta yutib chiqishga qatʼiy ishonch bor. Bunday harakatlar hamma narsa avvaldan kelishib olingan degan shubha tugʻdiradi. Qani bu yerda xolislik?

– Faoliyati tugatilgan nodavlat taʼlim muassasalarining talabalari, agar nodavlat universitetga kirmoqchi boʻlishsa, imtihonsiz qabul qilinar ekan. Agar davlatnikiga kiraman desa, imtihon bilan olinarkan. Agar qonun oldida ikkalasining ham maqomi bir xil boʻlsa, ikkisiga ham imtihonsiz qabul qilinmaydi?

– Aytyapman-ku, nodavlat taʼlimni oʻzlariga dushman deb koʻrishyaptiki. Bular prezidentimiz oʻtkazayotgan islohotlarga gʻirt teskari ishlar. Ular umumiy maqsad – mamlakatning taʼlim tizimini koʻtarish, xalqning intellegensiya darajasini oshirish kabi maqsadni inobatga olishmayapti, shaxsiy manfaatlari yoʻlida harakat qilishmoqda. Shu ketish boʻladigan boʻlsa, taʼlim tizimimiz yana orqaga ketishni boshlaydi. Uzoq yillar yana botqoqda qolamiz, qoʻpol qilib aytganda. Shuning uchun, oliy taʼlim vazirligi NOTMni oʻziga raqobatchi sifatida koʻrishi kerak emas. Keyin esa litsenziya berish funksiyasini undan boshqaga olib berish kerak.

– Statistikaga qaraydigan boʻlsak, Rossiyada ham, umuman qoʻshni davlatlarda, hattoki, menimcha, Janubiy Koreyadagi universitetlarda ham xorijlik talabalar ichida oʻzbekistonlik talabalar miqdor jihatidan birinchi oʻrinda. Majburan boshqa davlatlarda oʻqishmoqda, boshqalarga shartnoma puli toʻlashmoqda.

– Ularni keyin qaytarib olib kela olmaymiz, eng yomoni shu. Yaʼni eng iqtidorli, Oʻzbekiston rivoji uchun hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan bolalarning ham chetga chiqib ketishiga sabab boʻlamiz. Menimcha, bu sohada yaxshi oʻzgarishlar boʻlishi uchun har tomonlama keng fikrlaydigan, samarali qaror qabul qila oladigan odamlar boshqaruvga kelishi lozim, deb oʻylayman. Yaʼni bu kadrlar islohoti bilan bogʻliq. Afsuski, hozir asosiy qaror qabul qiluvchi kadrlarimiz bu eski sovet ittifoqi davrida kommunistik gʻoyalar bilan tarbiya topgan, mana shu faqat hamma narsa davlatniki boʻlishi kerak, davlat qilishi kerak, degan gʻoya bilan ulgʻaygan, taʼlim olgan odamlar. Bular yangicha, zamonaviy dunyoqarash, zamonaviy fikrlash darajasida emas. Shu sababdan shunday ishlar boʻlyapti deb hisoblayman.

Masalan, vazirlik monopol baʼzi talablarni ham qoʻyib tashlagan-da. Jumladan, HEMIS degan tizim bor. Shunga ulanmading deb baʼzi universitetlarni jazolayapti. Buni qaysidir xususiy bir tadbirkor, adashmasam, vazirlik bilan kelishgan holda amalga joriy etgan. Faqat hammang mana shu tizimga ulanasan, mana shu boʻyicha maʼlumotlarni kiritib borishing kerak, degan shart qoʻygan. U tekin emas, pulini toʻlab borish kerak.Mana shunday talablar koʻp. Ularga boʻysunish shart. Xususiy OTMlarning oʻzlari kelishib, oʻz dasturini yaratishlariga imkon berishmayapti. Albatta, bunday dastur kerak, u talaba haqiqatan ham shu OTMda oʻqigani, shu yoʻnalishda bilim olgani, qanday baholar olgani, diplom olgani haqidagi maʼlumotlar kiritiladi. Bunday dasturlar koʻp, lekin faqat oʻzlarinikini tiqishtirishgan. Ular faqat qoʻrqitish, faqat zoʻravonlik qilish bilan maqsadga erishmoqchi. Albatta, bu sogʻlom raqobatni keltirib chiqarmaydi. Shuning uchun kadrlar islohoti bu sohada ijobiy oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblayman.

Umuman, investorlar nodavlat taʼlim tashkilotlari ochishga qanchalik qiziqyapti?

– Qiziqishlari yaxshi. Lekin oxirgi harakatlar fonida shu qiziqish ham oʻlib boryapti. Davlat idoralarimiz xususiy OTMlarni sharmandalarcha, namoyishkorona, xalq oldida obroʻsizlantira olishlari, istagan paytda litsenziyadan mahrum qilishlari mumkinligini koʻrsatishmoqda. Shu bois investorlar ham bu sohaga pul tikishdan qoʻrqib qolishdi. Koʻz oldimda qancha tadbirkorlar chiqib ketgan boʻlsa, hozir mana shu oliy taʼlimga pul tikmoqchi boʻlganlar ham endi boshqa loyihalarga investitsiya kiritishmoqchi. Bu yaxshi emas, albatta.

Yana bir narsani aytib oʻtish kerak, oliy taʼlim sohasidan yaxshi pul kelar ekan, yaxshi daromad topsa boʻlar ekan deb, sohaga adashib kirib qolganlar ham bor. Buni tan olish kerak. Lekin ularga nisbatan chora qoʻllashdan xalq jabr chekishi kerak emas-da. Masalan, oʻquv yilini boshlab qoʻydimi, tugatishga imkon berishi kerak. Va qaysi holatlarda tugatiladi oʻzi, degan savol ham ochiq qolmoqda. Agar odamlarning hayotiga xavf solayotgan boʻlsa, jamiyatga tahdid solayotgan boʻlsa, tezda tugatilishi mumkin. Lekin hozir universitetlarning birortasida bunday holat kuzatilgani yoʻq.

Respublika tashkilotlarining talablari, topshiriqlaridan tashqari, xususiy universitetlarga mahalliy amaldorlarning taʼsiri ham juda kuchli. Masalan, hokimlar har xil masalalarda NOTMlar ishiga aralashaveradi. Falonchi tanishimni ishga olasan deb turib olganlari bor. Ular avvalgi tizimda bunga oʻrganib qolishgan chunki. Oʻz tanishlarini shu lavozimga ishga olasan, deb talab qilishadi. Nega? Chunki yaxshi oylik berayotgan ekansizlar, deydi. Yoʻq, biz xodimlarni tanlov asosida qabul qilamiz, sifatga eʼtibor qaratamiz desa, voy sen hali aytganimni qilmaydigan boʻlib qoldingmi, deydi. Aytganini qilmasa, har xil yoʻllar bilan bosim koʻrsatadi. Yeringni olib qoʻyaman, joyingni olib qoʻyaman, soliqqa tekshirtiraman va hokazo deb qoʻrqitadi. Mana shunday muammolar ham bor. Chunki avvallari davlat taʼlimiga shunday bosim qilishga oʻrganib qolishgan. Prokurorlar, hokimlar, mahalliy amaldorlar telefon qilib, xohlagan odamini ishga kirgizib qoʻyishga oʻrgangan. Rektor bechora ham ishdan ketib qolmay, muammo qilmay deb, sifatsiz boʻlsa-da, ularning aytganiga koʻnishga majbur boʻlgan. Chunki ularda manfaatdorlik boʻlmagan. Xususiylar esa buni xohlamayapti. Yoʻq, taʼlim sifati tushib ketsa, menga odamlar kelmay qoʻyadi, deyishmoqda. Hozir shunday muammoga duch kelgan NOTMlar bilan individual ishlayapmiz. Shunday bosim oʻtkazilayotgan holatlar bor. Yoki boshqa turli talablar qoʻyib tashlaydi: mana bu joyga manavi narsani qilib berasan, mana bu yerga mana buni qilib berasan, tadbirimiz bor, boshqa deb. Yaʼni oʻzining qaramogʻidagi tashkilotdek NOTMni ham turli ommaviy tadbirlarga jalb etmoqchi boʻladi. Umid qilamizki, bunday holatlarga chek qoʻyiladi. Xususiy taʼlim buning uddasidan chiqadi, deb umid qilamiz. Bizda zamonaviy dunyoqarashli kadrlar koʻproq chiqsa va ular boshqaruvga kelsa, shunday ahmoqona odatlarga chek qoʻyilsa kerak. Endi bunga vaqt kerak.

Rasul aka, milliy taʼlim kelajagi yoʻlidagi ishlaringizga muvaffaqiyat tilaymiz.

– Rahmat kattakon.

Abulfayz Sayidasqarov suhbatlashdi.


Platina.uz sayti ushbu mavzuda xolis turish maqsadida ikkinchi tomonga ham minbar berishga tayyorligini bildiradi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+