platina.uz

Migratsiyadan qaytganlarni ishga olgan korxonalarga subsidiya beriladi

Prezidentga migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi. 

Jamiyat
2-aprel, 21:42
Migratsiyadan qaytganlarni ishga olgan korxonalarga subsidiya beriladi

Mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan oyiga 500 ming soʻm subsidiya beriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi.

Butun dunyoda ishchi kuchi koʻchib yurishi tabiiy jarayon. Mamlakatimizda bunday fuqarolarni chet elga tartibli va xavfsiz joʻnatish boʻyicha muayyan ishlar qilinmoqda. Oxirgi ikki yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi rivojlangan davlatlarga yuborilgan.

Lekin ayrim odamlar malaka talab qilmaydigan oʻlkalarga oʻzlari ham mustaqil ravishda ketayapti. Ularning mehnat va yashash sharoitlari, kasbi, daromadi turlicha.

Davlatimiz rahbari sohada fuqarolarga qulayliklar yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarning bandligini taʼminlash vazifalarini qoʻygan edi. Shu bois mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga koʻra, Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi davlat muassasasi shaklida boshqaruv organiga aylanadi. Agentlik direktori bir vaqtning oʻzida Bandlik vaziri oʻrinbosari boʻladi. U mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini ham boshqaradi.

Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Yaponiyadagi elchixona va konsulliklarda mehnat migratsiyasi boʻyicha attashe, Saudiya Arabistonida agentlik vakili lavozimi joriy qilinadi. Xorijdagi fuqarolarimiz masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda 24 soat ishlaydigan “koll-markazlar” tashkil etiladi.

“Xorijga ish – mahalladan” tamoyili yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqaroni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Nomzodlar xorijdagi ish beruvchilar tanlovlariga jalb qilinadi.

Kasbiy malakasi yoʻq va tilni bilmaydigan fuqarolarni kasbga oʻqitish va proftaʼlim muassasalarida maqsadli tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida fuqarolarni xorijiy tillarga oʻrgatish va ishlashga maqsadli tayyorlash markazi ochiladi.

Xorijda ishlash istagida boʻlganlar muayyan xarajatlarga ham duch keladi. Shu bois endi migrantlarning ishchi viza, yoʻl chiptasi, xorijiy til va kasb boʻyicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanadi. Chet tili boʻyicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga til oʻrganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab beriladi.

Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligiga koʻmaklashish ham muhim masala. Shu bois, Sayxunobod tajribasi asosida ularga tomorqada mahsulot yetishtirib, daromad olishi uchun moliyaviy koʻmak beriladi hamda boshqa turdagi bandlik xizmatlari koʻrsatiladi. “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturiga muvofiq imtiyozli kreditlar ajratiladi. Tibbiy muassasalar migratsiyadan qaytgan shaxslar va ularning oila aʼzolarini bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi. “Inson” markazlari tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam koʻrsatiladi.

Mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan oyiga 500 ming soʻm subsidiya beriladi. Ushbu tadbirlarga bu yil uchun barcha manbadan 100 milliard soʻm ajratiladi.

Davlatimiz rahbari bu tizimni samarali yoʻlga qoʻyib, fuqarolarga sifatli xizmat koʻrsatish, bandlikni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+