platina.uz
Jamiyat

Hududlar ekologik holatiga koʻra "toza", "oʻrta" va "zararli" zonalarga ajratiladi

2030 yilga qadar butun Oʻzbekiston boʻylab "Ekologik transport" tizimi ishga tushadi. Avtomobillarga maxsus elektron stikerlar beriladi.  

Hududlar ekologik holatiga koʻra "toza", "oʻrta" va "zararli" zonalarga ajratiladi

2024 yil iyundan Oʻzbekistonda avtomobillaring havoga zararini kamaytirish boʻyicha yangi tizim ishga tushadi. Vazilar Mahkamasining 2024 yil 29 martdagi "Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi 166-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2024 yil 1 iyundan boshlab barcha toifalardagi avtomototransport vositalaridan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish boʻyicha “Ekologik transport" tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Diagnostik tekshiruv natijalariga asosan transport vositalariga qalbakilashtirishdan himoyalangan va elektron belgiga ega stikerlar beriladi. Shunga koʻra, transport vositalari "yashil", "sariq" va "qizil" ranglar bilan belgilanadigan "toza", oʻrta" va "zararli" ekologik toifalarga boʻlinadi.

"Ekologik transport" tizimi doirasida hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bogʻliq real ekologik holatdan kelib chiqib, ilgʻor xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida "yashil"," sariq" va "qizil" ranglar bilan belgilanadigan "toza"," oʻrta" va "zararli" ekologik zonalarga ajratib boriladi.

"Ekologik transport" tizimi quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:

- birinchi bosqichda (2024–2026 yillarda) – Toshkent shahrida;

- ikkinchi bosqichda (2026–2028 yillarda) – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda, zaruratga koʻra, alohida ekologik zonalarda (sayyohlik markazi, tabiat qoʻriqxonasi, sogʻlomlashtirish va dam olish maskani va boshqalar);

- uchinchi bosqichda (2028–2030 yillarda) – boshqa barcha hududlarda.

Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya toʻlovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash choralari koʻriladi.

Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan transport vositalaridan ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi.

Jarima mablagʻlari esa mamlakatning ekologik holatini yaxshilashga va atrof-muhitni muhofaza qilishga maqsadli yoʻnaltiriladi.

Hududlardagi ekologik zonalar chegaralarini belgilash hamda ularni oʻzgartirish tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan Ekologiya vazirligi taklifiga asosan amalga oshiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid