platina.uz

Prezident eksport imkoniyatlarini toʻla ishga solish boʻyicha topshiriq berdi

Ichki bozorda narx-navo barqarorligi masalasiga alohida toʻxtatilib oʻtildi, kundalik isteʼmol tovarlarini mahalliylashtirishni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. 

Iqtisod
29-mart, 20:20
Prezident eksport imkoniyatlarini toʻla ishga solish boʻyicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va tarmoqlarning raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Unda davlat rahbari eksport salohiyati va mahalliy ishlab chiqarishga ham toʻxtaldi.

Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar, shu jumladan, yirik korxonalarni transformatsiya qilish, hududlarning “oʻsish nuqtalari”ni ishga solish, aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida soha va tarmoqlarda iqtisodiy faollik oshib bormoqda.

Xususan, joriy yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot hajmi 6 foizdan ziyod oʻsishi kutilmoqda. Bunda tadbirkorlik faol qoʻllab-quvvatlanishi va qish mavsumida barqaror energiya resurslari bilan taʼminlanishi hisobiga sanoat oʻsishi qariyb 10 foizga, eksport hajmi 3,5 milliard dollarga yetishi muhim omil boʻlmoqda.

Tashqi bozorda raqobat kuchayib borayotgan sharoitni inobatga olgan holda, 2024 yilda bozor iqtisodiyoti poydevorini qurishning asosiy jarayonlarini yakunlab, iqtisodiyotni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqish, korxonalarning moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini oshirish talab etilmoqda.

Shu bois yigʻilishda yirik davlat korxonalarining xarajatlarini maqbullashtirish, energiya resurslarini tejash borasida qilinayotgan ishlar natijadorligi atroflicha koʻrib chiqildi. Dunyo bozoridagi murakkab sharoitda eksport tushumlarini oshirish, korxonalarning toʻlov qobiliyatini mustahkamlash, debitor qarzdorligini kamaytirish, xarajatlar asossiz oʻsishining oldini olish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi.

Alohida eʼtibor tarmoq va hududlarning eksport imkoniyatlarini toʻla ishga solish masalalariga qaratildi. Buning uchun tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishda qulay ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini yaratib berish, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari ichki bozorda narx-navo barqarorligi masalasiga alohida toʻxtalib, kundalik isteʼmol tovarlarini mahalliylashtirishni kengaytirish, korxonalarning quvvatini oshirishga koʻmaklashish zarurligini taʼkidladi.

Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hududlardagi sanoat zonalari hamda kooperatsiya imkoniyatlaridan keng foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash kerakligi qayd etildi. Asosiy eʼtiborni qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash, ish oʻrinlarini koʻpaytirishga qaratish shartligi koʻrsatib oʻtildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+