"Ogʻir hudud"lardagi 41 mingdan oshiq aholi xonadoni oʻrganildi
Natijada 9 mingdan oshiq soha obʼektlari xonadonlar taʼmirlandi, 2,2 mingda oʻta ogʻir sharoitdagi uy-joylar holati oʻnglab berilgan.

Davlat rahbari topshirigʻiga asosan Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi eng olis va ogʻir hududlarda “Obod xonadon - obod koʻcha - obod mahalla” mezonlarini joriy etishga qaratilgan ishlar olib bormoqda.
Dasturga muvoffiq joylarda tanlab olingan 56 ta “qizil” toifadagi mahallalarda aholi muammolarini hal etish, ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash, koʻmakka muhtoj qatlamni qoʻllab-quvvatlash, oilaviy va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, joylarda sogʻlom maʼnaviy-maʼrifiy muhitni shakllantirish kabi qator maqsadlar koʻzda tutilgan.
Mazkur rejalarni sifatli va tezkor amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tijorat banklari hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi shakllantirildi.
Qabul qilingan dastur talablaridan kelib chiqqan holda joriy yilning birinchi choragida qanday ishlar amalgan oshirildi? Natijalari qanday boʻldi?
Ushbu savollarga javob berish maqsadida quyidagi maʼlumotlarga murojaat qilamiz.
Xususan, Respublika ishchi guruhi vakillari viloyat sektorlari hamda hududiy hokimliklar bilan birgalikda aholi muammolarini aniqlash va ularni tezkor hal qilish maqsadida “ogʻir hudud” toifasiga kiritilgan barcha 56 ta mahallada jami 41 mingdan ziyod xonadonda oʻrganishlar oʻtkazdi. Oʻrganishlar natijasida aniqlangan muammolar asosida “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Jumladan, obodlik mezonlarini joriy etishda jami 9 mingdan ziyod ijtimoiy soha obʼektlari hamda xonadonlar taʼmirlandi. Shulardan, 2,2 mingta uy-joyi taʼmirga muhtoj va oʻta ogʻir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turar joylari byudjet va homiylar hisobidan bepul asosda joriy va kapital taʼmirlab berildi.
Mahallalardagi 543 ta koʻchalarda 200 kmdan ziyod yoʻllar asfalt va shagʻallashtirilib, 17 ming m2dan ziyod piyodalar yoʻlagi barpo etildi. Bundan tashqari, 142 km uzunlikdagi yangi elektr tarmogʻi tortildi, ichki koʻchalarga 500 dan ziyod yoritish moslamalari oʻrnatildi, 37 ta yangi transformator oʻrnatilib, 156 tasi kapital taʼmirlandi, 6 mingga yaqin simyogʻoch ustunlar beton ustunlarga almashtirildi, 2,3 mingta yangi qoʻshimcha temir-beton ustunlar oʻrnatildi.
Shu bilan birga, gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida 81 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, 121 km gaz tarmogʻi taʼmirlandi. Aholi murojaatidan kelib chiqqan holda 3,1 mingdan ziyod qoʻshimcha suyultirilgan gaz ballonlar yetkazib berildi.
Ichimlik suvi taʼminotini sohasida 88 km uzunlikdagi yangi suv tarmogʻi tortildi, 36 ta ichimlik suvi inshooti (skvajina, minora, rezervuar, nasos stansiyasi) taʼmirlandi.
Bundan tashqari, xalqimiz uchun muqaddas Ramazon oyi kunlari 54 ta qabriston obodonlashtirilib, 6 tasida xonaqosi yangidan qurildi, 10 tasi joriy taʼmirlandi.
Respublika ishchi guruhining eʼtibor markazidagi masalalardan yana biri aholining muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻldi.
Jumladan, 119 nafar fuqaroning 373 mln soʻmlik subsidiya olishiga koʻmaklashildi, 31 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 61 nafariga protez-ortopediya vositalari, 3 ming nafariga bepul dori-darmon vositalari, 31 nafariga tikuv mashinasi va 8 nafar fuqaroga asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari koʻmagida 55 mingdan ziyod aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning natijasiga koʻra 282 nafariga davolanish uchun bepul orderlar berildi. Mahallalarda 3,5 mingdan ziyod fuqaro bandligini taʼminlash choralari koʻrildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyatinig yana bir muhim yoʻnalishi - joylarda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yaxshilash boʻldi.
Ushbu maqsadda mahallalarda 10 mingdan ziyod turli tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, xonadon madaniyatini yuksaltirish, oilalarda farzand tarbiyasi, ota-ona va farzand munosabatlari, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, kasanachilikni rivojlantirish, “Uch avlod uchrashuvlari”, maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish tadbirlari, sport tadbirlari va h.k. Natijada, 544 ta oiladagi notinch va nizoli holatlar jamoatchilik aralashuvi bilan bartaraf etildi.
“Yashil makon” umummilliy dasturi ijrosi doirasida barcha 56 ta mahallada qarovsiz qolib ketgan yerlarga koʻchatlar ekilib, “mahalla bogʻlari” yaratildi. Koʻchalar boʻylab va uylar atrofiga gullar, mevali va manzarali darahtlar ekildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyatining yana bir muhim yoʻnalishlaridan biri bugunning eng dolzarb masalalaridan hisoblangan kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, va shu orqali oilalarning daromadini oshirishdan iborat boʻldi. Bu yoʻlda aholi tomorqa yer maydonlaridan unumli foydalanishini yoʻlga qoʻyish — eng samarali usul sanaladi. Shu bois barcha mahallarda “Tomorqa — daromad manbai” mavzusida seminarlar tashkil etildi.
Seminarlarda tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, sektor rahbarlari, “mahalla yettiligi” vakillari ishtirok etdi. Amaliy seminar shaklida tashkil etilgan tadbir qatnashchilari tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, jarayonlar oʻrganildi. Maqsad aniq — tomorqadan samarali foydalanib, yaxshigina daromad topayotgan oilalar tajribasini ommalashtirish boʻldi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.