Kuchishlatar tizimlar prezidentga hisobot berishdi
Shavkat Mirziyoyev kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida jamoat xavfsizligini taʼminlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida jamoat xavfsizligini taʼminlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyatining savdo va xizmat koʻrsatish sohasi yirik obʼektlarida, shu jumladan savdo-koʻngilochar majmualar, bogʻlar, bozorlar va boshqa fuqarolar gavjum boʻladigan joylarda jamoat tartibini saqlash ishlarining tashkil etilishi toʻgʻrisidagi hisobotlari tinglandi.
Davlat rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari va tadbirkorlik subʼektlarining bu borada toʻlaqonli hamkorlik qilishlarini taʼminlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishga topshiriq berdi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyati oldiga jamoat tartibini saqlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish, aholi gavjum boʻladigan joylarda sodir etilishi mumkin boʻlgan terrorchilik harakatlari va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan taʼsirchan choralarni koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Avvalroq Toshkent shahridagi savdo majmualari, koʻngilochar maskanlari, bozorlar va boshqa jamoat joylarida xavfsizlik nazorati choralari kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi.