Saharlik uchun tavsiya etilmaydigan taomlar
Mutaxassislarga koʻra, saharlikda mevalar, sabzovotlar, tarkibida tuzi va achchiqlik miqdori kam boʻlgan mahsulotlar isteʼmol qilish yaxshiroqdir.

Ramazon oyida ovqatlanishimizda oʻzgarishlar roʻy beradi. Ovqatlanish rejimi va biz isteʼmol qiladigan ovqatlar ham bu oʻzgarishga taʼsir qiladi. Ramazon oyida eʼtibor berishimiz kerak boʻlgan asosiy narsalardan biri - metabolizm tezligi sanaladi. Ushbu metabolik sekinlashuvlarda toʻsatdan semirish ham kuzatiladi.
Bunda dunyo diyetologlari quyidagi taomlarni yemaslikni (ayniqsa saharlik vaqtida) tavsiya qilishmoqda.
Saharlik uchun nimani yeyish mumkin emas?
• Barcha qandolat mahsulotlari (shirinlik, tort va tarkibida shakar koʻp boʻlgan boshqa boshqalar)
• Fri (qovurilgan kartoshka donachalari), qovurilgan ovqatlar
• Yogʻli ovqatlar
• Fast-fud mahsulotlari (tez tayyor boʻluvchi lavash, gamburger, xotdog va boshqalar)
• Tuzli va achchiq ovqatlar (shoʻr konserva mahsulotlari, achchiq mahsulotlar va shu kabilar)
• Delikates mahsulotlari (sosiska, kolbasa va boshqalar)
Yuqorida keltirib oʻtilgan mahsulotlar tarkibi inson tanasini ortiqcha vazn yigʻishiga xizmat qiluvchilardir. Ular tarkibidagi yogʻ va ogʻir moddalar hazm qilishni qiyinlashtirib, inson tanasida yogʻ yigʻilishiga sababchi boʻladi.
Roʻza tutish va ikki mahal ovqatlanish dunyo mutaxassislari tomonidan tan olingan foydali diyetalardan biridir. Bu faqat ortiqcha vazndan qutilishga emas, balki oshqozon, ichak va boshqa shunga oʻxshash bir qator organlar faoliyatini yaxshilaydi. Ammo, kuni boʻyi ovqat isteʼmol qilmay, yuqoridagi kabi tarkibida yogʻ, shakar va boshqa shu kabilar koʻp mahsulotlarni isteʼmol qilish qisqa fursatda ortiqcha vazn toʻplashga sabab boʻladi.
Xoʻsh, buni qanday oldini olamiz? Avvalo, sahurga uygʻonishni unutmasak va saharlik paytida qaysi ovqatlardan voz kechish kerakligini bilsak, ortiqcha vaznning oldini olgan boʻlamiz. Saharlikni erta nonushta deb hisoblash va albatta ertaroq uygʻonish kerak. Protein miqdori yuqori boʻlgan ovqatlardan tashkil topgan nonushta tayyorlash bunda maqsadga muvofiq boʻladi, bu bilan biz qondagi shakar miqdorini kun davomida muntazam ravishda ushlab tura olamiz.
Mutaxassislar tomonidan saharlikda mevalar, sabzovotlar, tarkibida tuzi va achchiqlik miqdori kam boʻlgan mahsulotlar tavsiya etiladi.
Bundan tashqari olimlar fikricha saharlikda choy yoki kofe ichmaganingiz maʼqul. Choy va qahva ichish organizmdan suvni tezroq chiqib ketishida muhim rol oʻynaydi. Bu esa kun davomida chanqashimizga sabab boʻladi.
Asosan uy sharoitida tayyorlangan kam miqdorda shakar boʻlgan kompot yoki shunga oʻxshash ichimliklar tavsiya etiladi.
Maftuna Yodgorova tayyorladi.
