Turkiya bormoqchi boʻlganlar ham ogohlantirildi
2024 yil yanvar-fevral oylarida 163 nafar oʻzbekistonlik Turkiyaga kiritilmasdan qaytarib yuborilgan.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi elchixonasi Turkiya kelmoqchi boʻlgan vatandoshlarga murojaat qildi.
Bugungi kunda Turkiyaga kirish va chiqish chegara punktlarida ichki ishlari organlari xodimlari tomonidan mamlakatga kelayotgan xorijliklarga nisbatan qatʼiy tekshiruvlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu amaliyot doirasida Istanbul xalqaro aeroportida asosan 20-35 yoshdagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilganligi kuzatilmoqda.
Oʻzining xatti-harakatlari bilan shubha uygʻotgan shaxslar bilan migratsiya xizmati xodimlari tomonidan suhbat oʻtkazilib, shaxsiy uyali telefonlari tekshirilishi holatlari ham uchramoqda.
Terrorizm, odam savdosi va boshqa jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanganlar, taqiqlangan tovarlarni olib oʻtishga uringan shaxslar “Turkiyaga kirishi istalmagan yoʻlovchi” sifatida baholanib, Turkiya hududiga kiritilmasdan mamlakatiga qaytarib yuborilmokda.
Jumladan, joriy yilning yanvar-fevral oylari davomida Turkiyaga kiritilmagan 163 nafar Oʻzbekiston fuqarolaridan 54 ta nafari muqaddam Turkiyaga kelib, qonunbuzarlik sodir etib kirishiga taqiq qoʻyilganlarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, ayrim vatandoshlardan Istanbul aeroportida politsiya xodimlarining qoʻpol muomalasi haqida shikoyatlar kelib tushgan.
"Bu borada fuqarolarimizning barcha shikoyat va eʼtirozlari diplomatik kanallar orqali turk tomoniga yetkazildi.
Oʻz oʻrnida, fuqarolarimizdan mahalliy qonunlarni hurmat qilib ularga toʻliq rioya etishlarini soʻrab, oldin qonunbuzarlik sodir etib deport qilingan fuqarolardan esa Turkiyaga kirish taqiqi bor yoki yoʻqligini Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Turkiya diplomatik vakolatxonalaridan oʻrgangan holda kelishlari tavsiya qilinadi", deya maʼlum qiladi konsullik.
Eslatib oʻtamiz, avval Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya boʻlib turgan yoki bormoqchi boʻlganlarni ogohlantirgandi. Mazkur ogohlantirishlar 22 martda sodir etilgan terakt bilan bogʻliq.