11 yoshli qizchani zoʻrlab oʻldirganlar katta muddatga qamaldi
Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudi 2024 yil 15 yanvarda ularga hukm chiqargan.

Fargʻonada 11 yoshli qizchani zoʻrlab oʻldirgan 3 kishidan 2 nafariga nisbatan katta muddatli qamoq jazosi berilgan. Bu haqda Platina.uz manbasi xabar berdi.
Esingizda boʻlsa, 2023 yil 20 iyul kuni Fargʻona shahrida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zoʻrlash va qotillik alomatlari bilan topilgan edi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam oʻldirish), 118 (Nomusga tegish) va 119 (Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudining 2024 yil 15 yanvardagi hukmiga koʻra, M.Soliyev JKning 25,97-moddasi 2-qismi “v,z,o” bandlari, 118-moddasi 4-qismi va 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 14 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Voyaga yetmagan D.Abdusalomov JKning 97-moddasi 2-qismi “v,z,o” bandlari, 118-moddasi 4-qismi va 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Yana bir voyaga yetmagan B.Xakimov esa JKning 241-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, JKning 62-moddasi tartibida oʻtash uchun 1 yil 7 oy 12 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.