Parij Olimpiadasi IShIDning navbatdagi nishoni boʻlishi mumkin – The New York Times

Fransiya hozirda terrorchilik hujumlari xavfining eng yuqori darajasini eʼlon qilgan.  

Jahon
25-mart, 16:21
Parij Olimpiadasi IShIDning navbatdagi nishoni boʻlishi mumkin – The New York Times

Yaqin Sharqda, umuman dunyoning turli chekkalarida avj olayotgan qurolli toʻqnashuvlar turli terrorchilik guruhlarini ham faollashtirib yubordi.  Turkiya, Afgʻoniston, Eron va ayrim Yevropa davlatlarida tashkil etilgan teraktlar koʻplab odamlarning yostigʻini quritdi, siyosiy-ijtimoiy muvozanatga, iqtisodiy vaziyat hamda sogʻlom xalqaro aloqalarga jiddiy putur yetkazdi. 

Albatta terrorchilikka qarshi kurash boʻyicha mutasaddi idoralar bunday  terrorchilik hodisalarining oldini olish borasidagi saʼy-harakatlarini kuchaytirishmoqda. Mavjud imkoniyatlardan toʻla foydalangan holda ularni oldindan prognoz qilish borasidagi aniqlik ham yil sayin yaxshilanib bormoqda. Biroq razvedka xizmatlari taqdim etayotgan bunday prognozlarga har doim ham munosib reaksiya bildirilmaydi.

Jumladan, 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan avval AQSh hamda Gʻarb razvedkalari bu bosqin ehtimoli deyarli 100 foizga yaqinlashgani haqida bong urgan, biroq hatto Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bunga ishonmagan edi. Biroq oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas razvedka prognozlari oʻz tasdigʻini topdi.

Joriy yilning 22 martida Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Xoll”da sodir etilgan terakt atrofida ham shunday tushunarsiz vaziyat yuzaga keldi. Rossiyada keng terrorchilik aktlari kutilayotgani haqida AQSh va Yevropa razvedka xizmatlari tinimsiz maʼlumot tarqatishdi. Bu mamlakatlar oʻz fuqarolarini Rossiyaga safar qilishdan qaytaruvchi tavsiyalarni eʼlon qilishdi.

Biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunday chaqiriqlarga ishonchsizlik bilan qaradi.
Putin yana bir marta prezident etib “saylangani”dan keyin dastlabki yigʻilishini Rossiya FXX rahbariyati bilan oʻtkazgan. Seshanba, 19 mart kuni – teraktdan 4 kun avval oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda FXX yuqori mansabli zobitlari oldida Putin Gʻarb amaldorlarining Moskvada terakt sodir etilishi ehtimoli kuchli ekani haqidagi ogohlantirishlarni “ochiq provokatsion bayonotlar” deya tanqid qilgan.  “Bularning barchasi “ochiq shantaj, jamiyatimizni qoʻrqitish va bezovta qilish uchun oʻylab topilgan harakatlarni eslatyapti” degan Putin. 

Bloomberg nashrining maʼlum qilishicha, joriy yilning 7 mart kuni AQShning Moskvadagi elchixonasi ommaviy va ochiq ogohlantirishni eʼlon qilgan. Bayonotda yaqin muddatlar ichida “ekstremistlar Moskvadagi aholi koʻp yigʻiladigan joylar, jumladan, konsertlar oʻtadigan joylarni (!) nishonga olish rejasiga egaligi” maʼlum qilingan. 

AQSh Milliy xavsizlik kengashi vakili Adriyenn Uotsonning maʼlum qilishicha, “AQSh hukumati terrorchilik rejalashtirilayotgani haqida maʼlumotga ega boʻlgan”. AQSh hukumati eskidan qolib kelayotgan siyosiy anʼana – “ogohlantirish burchi” doirasida Rossiya davlati rahbariyatiga ham ushbu maʼlumotni taqdim etgan. 

Biroq Putin va uning hukumati bu ogohlantirishlarga eʼtibor bermagani yetmagandek, tegishli choralar koʻrmagan, xavfsizlik idoralari va politsiya vaziyatga tegishli munosabat bildirmagan. 

Afususki, bu prognoz ham amalga oshdi:  22 mart kuni Rossiya poytaxti Moskva yaqinidagi konsert zalida  terrorchilik akti sodir etildi. Qurbonlar soni 180 kishiga yetgan, sud 4 nafar gumonlanuvchini qamoqqa olish boʻyicha hukm chiqargan. Ayanchlisi, terakt roʻy berganidan keyin ham rus hukumati bu fojiada “Ukraina qoʻlini” qidirishdan toʻxtagani yoʻq. 

Avval maʼlum qilganimizdek, Moskvadagi teraktdan soʻng Fransiya terrorchilik hujumlari xavfining eng yuqori darajasini eʼlon qildi. Shuningdek, Germaniya ichki ishlar vazirligi ham terror xavfidan ogohlantirish bilan chiqdi, deya yozadi Süddeutschen Zeitung gazetasi. Ular IShIDning "Xuroson" boʻlinmasi faollashganini aytmoqda. 

The New York Times nashrining yozishicha esa, Parijda oʻtkaziladigan 2024 yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari ham “terrorchilarning ustuvor nishoni” boʻlishi mumkin.

Qayd etilishicha, Moskva hamda Erondagi teraktlar IShIDning afgʻon boʻlimi - Xuroson-ID terrorchilarini “Yevropa davlatlari, ayniqsa Fransiya, Belgiya va Buyuk Britaniyaga qarshi xurujlarini kuchaytirishga undashi mumkin”.

Gʻarb razvedkasidagi manbalarning maʼlum qilishicha, Gʻarbdagi xufyona terror tarmoqlarining mavjudligi, Yaqin Sharqda keskinlashayotgan harbiy-siyosiy vaziyat va eng asosiysi – Yevropada yashovchi rusiyzabon fuqarolarning ularni qoʻllab-quvvatlashi bunday xurujlarni uyushtirishga turtki boʻladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+