Nega terrorchilar orasida tojiklar koʻpaymoqda?
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga muxolifat vakillarining aytishicha, jangarilarning koʻpayishi va radikallashuviga asosiy sabab – mehnat migratsiyasi hisoblanadi.

AQShning Al-Monitor nashri yozishicha, IShID butun dunyo boʻylab amalga oshirayotgan terrorchilik xurujlari uchun tojiklardan faol foydalanmoqda.
Nashrning taʼkidlashicha, “oxirgi 2,5 yil ichida IShID Afgʻoniston, Eron va Turkiyada uyushtirgan deyarli barcha teraktlarda Tojikiston fuqarolaridan faol foydalangan”. Yaqin Sharqdagi terrorchi jangarilardan farqli oʻlaroq, tojik terrorchilari Turkiya maxsus xizmatlari diqqat doirasidan chetga qolmoqda.
Terror joʻgʻrofiyasi juda keng
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaning bayonotiga koʻra, shu yilning 28 yanvarida Istanbulning Sariyer tumanidagi Santa Mariya Katolik cherkovida sodir boʻlgan portlashda gumon qilinayotganlar ham RF va Tojikiston fuqarolaridir. Qayd etish joiz, bu portlash uchun javobgarlikni ham IShID oʻz zimmasiga olgandi.
Bu ayanchli vaziyatni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham tan olgan. Prezident tojik faollari va diniy arboblari huzurida soʻzlagan nutqida keltirishicha, “oxirgi 3 yil ichida dunyoning 10 ta davlatida roʻy bergan terrorchilik aktlari 24 nafar tojik fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan”. Rahmonning aytishicha, oxirgi 10 yil ichida Tojikistonda ekstremizm va terrorizm bilan bogʻliq 6680 ta jinoyat aniqlangan.
Shuningdek, Eronning Fars News axborot agentligi Eron Razvedka vazirligiga tayanib maʼlumot berishicha, joriy yilning 3 yanvarida Eronning Karmana shahri janubi gʻarbida uyushtirilgan terrorchilik aktining ijrochilari ham Tojikiston fuqarolari boʻlishgan.
Xususan, “Abdullo tojik” laqabli terrorchi 19 dekabr kuni Eronga noqonuniy kirib olgan va sheriklariga bombalar yasab berib, portlashlardan 2 kun avval Eronni xufyona tark etgan.
Shuningdek, Yevropada tayyorlangan koʻplab teraktlarda - Germaniya va Niderlandiyada ham “tojik izi” aniqlangan.
Masalan, Yevropa maxsus xizmatlarining maʼlum qilishicha, Germaniyadagi mashhur Kyoln soborini portlatishga urinishda ham tojik terrorchilari gumon qilingan. Jumladan, 30 yoshli tojik millatiga mansub erkak Muhammad Rajabning ismi hujjatlarda tilga olingan.
Oʻtgan yili aprel oyida ham Moskva va Novosibirskda teraktlarni tayyorlashga rahbarlik qilgan, IShIDning Rossiyadagi yetakchisi boʻlmish tojik fuqarosi (ayrim maʼlumotlarga koʻra Tojiddin Nazarov, IShIDdagi laqabi - Abu Usoma Norakiy) umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Eng dahshatlisi, Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll»da uyushtirilgan vahshiyona teraktda gumonlanib qoʻlga olingan 6 terrorchining 4 nafari) Tojikiston fuqarolari ekani tasdiqlandi.
Sabablar nimada?
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga muxolifat vakillarining aytishicha, tojik terrorchi jangarilarining koʻpayishi va radikallashuviga asosiy sabab – mehnat migratsiyasi hisoblanadi. Tojik migrantlarini asosiy qabul qiluvchi davlat esa Rossiya. Bu yerda, turli maʼlumotlarga koʻra, 1,5 - 2,5 mln. tojik fuqarolari mehnat qilishadi. Ularning koʻpchiligi rus fuqaroligini ham olishgan. Birgina oʻtgan yilda 174.000 tojiklar Rossiya pasportini olishgan.
Ayrim ekspertlarning maʼlum qilishicha, Tojikistondagi korrupsiya va qashshoqlik ham tojiklarni daromad topish uchun turli shubhali yoʻllarga kirishga majbur qilmoqda.
Terrorchilikka qarshi kurash boʻyicha ekspert Rustam Aziziyning «Aziya-Plyus» nashriga bergan intervyusida aytishicha, tojiklar tili oʻxshash boʻlgani uchun Eron va Afgʻonistondagi terrorchi guruhlarga ergashib ketishi oson kechmoqda. Qolaversa, IShID Eron yoki Afgʻonistonga xudkush terrorchi joʻnatish uchun kimgadir til oʻrgatib, tayyorlaganidan koʻra, “tayyor” forsiyzabon tojik jangarini yuborishi osonroq va kamxarajatroq kechadi.
Rustam Aziziyning aytishicha, tojiklar IShID va boshqa terrorchi guruhlar tarkibida asosan quyi pogʻonalarda xizmat qilishadi - IShID rahbariyati orasida tojiklar deyarli yoʻq. Toʻgʻri, Afgʻonistondagi IShID filiali – “Ansorulloh” terrorchilik guruhi asosan tojik fuqarolaridan iborat boʻlsada, ular koʻpi bilan 150 kishi xolos.
Aziziy tojik muxolifatining iddaosi – mehnat migratsiyasining kuchayishi tojiklarni terrorga undayapti degan talqinni tasdiqlamaydi. Ekspertning aytishicha, tojiklarni terrorchilikka undayotgan omillar – asosan iqtisodiy tusga ega. Biroq suitsid va deviant xulq atvordagi, yaʼni shunchaki jinoyatga moyil, shuningdek, gʻoyaviy diniy motivlar asosida terrorchi guruhlarga qoʻshilayotgan tojiklar ham katta ulushga ega.
Shuningdek, Aziziyning fikriga koʻra, milliy identifikatsiyasi murakkab, yaʼni “ruslashgan” tojiklar orasida ham radikallashuv ehtimoli kuchli. Yaʼni ular “mana men haqiqiy tojikman” deya oʻzini namoyon qilish uchun radikallashib, turli terrorchi guruhlarga ergashib ketishadi.