Ertadan Toshkentda isitish mavsumi yakunlanadi
Isitish davri 2023 yil 6 noyabrdan bosqichma-bosqich boshlangandi.

26 martdan Toshkent shahrida 2023-2024 yilgi isitish davri yakunlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar koʻrsatishni tasdiqlash qoidalari toʻgʻrisida"gi 194-sonli qaroriga asosan, Isitish davri tashqi havoning oʻrtacha sutkalik harorati 8 darajadan yuqori boʻlgan 5 kunlik davr tamom boʻlgan kundan keyingi kundan tamomlanishi belgilangan.
"Shundan kelib chiqib, Toshkent shahar gidrometeorologiya markazining maʼlumotlarini hamda oʻrtacha sutkalik harorat 10 darajadan yuqori boʻlayotganligini inobatga olgan holda, 2024 yilning 26 mart kunidan 2023-2024 yilgi isitish davri yakunlanishini maʼlum qilamiz" deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Toshkentda 2023-2024 yilgi isitish davri 2023 yil 6 noyabrdan boshlangandi.