Tadqiqot: yaqin oʻn yilliklarda jahon aholisi kamaya boshlaydi
Soʻnggi bor oʻrta asrlardagi "Qora oʻlim" pandemiyasi natijasida dunyo aholisi 400 milliondan 350 million kishiga, Yevropa aholisi esa taxminan uchdan biriga qisqargandi.

Tugʻilishning keskin pasayishi tufayli yaqin oʻn yilliklarda dunyo aholisi kamayishni boshlaydi – bu "Qora oʻlim"dan (14-asrdagi vabo pandemiyasi) buyon birinchi marta sodir boʻladi, deb yozadi The Telegraph Lancet jurnalidagi tadqiqotga asoslanib.
Gazetaning eslatishicha, "Qora oʻlim" natijasida dunyo aholisi 400 milliondan 350 million kishiga, Yevropa aholisi esa taxminan uchdan biriga qisqargan. Endi aholi soni tarixda birinchi marta pandemiyalar bilan bogʻliq boʻlmagan tabiiy sabablarga koʻra kamayishni boshlaydi.
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, "umumiy tugʻilish koeffitsiyenti" deb nomlanuvchi aholi oʻsishini saqlab qolish uchun bir ayol oʻrtacha 2,1 bola koʻrishi kerak, bu koʻrsatkich 2021 yilga kelib butun dunyo boʻylab 2,23 ga tushdi. Taqqoslash uchun bu miqdor 1950 yilda u 4,84ni tashkil etardi.
Olimlar dunyo boʻylab tugʻilish darajasi 2050 yilda 1,83 ga, 2100 yilga kelib esa 1,59 ga tushishini kutmoqda. Bu shuni anglatadiki, 2050 yilda 204 ta davlatdan 155 tasida tugʻilish darajasi aholi sonini saqlab qolish uchun zarur boʻlganidan past boʻladi. 2100 yilga kelib, bunday mamlakatlar soni 198 taga yetadi.
Tadqiqot hammuallifi va Vashington universiteti qoshidagi Sogʻliqni saqlash oʻlchovlari va baholash institutining yetakchi tadqiqotchisi Natalya Bhattacharjining taʼkidlashicha, tugʻilish koʻrsatkichlarining pasayishi “jahon iqtisodiyoti va xalqaro kuchlar muvozanatini butunlay oʻzgartiradi va sogʻliqni saqlash tizimini qayta tashkil etishni talab qiladi.
Oksford universitetining Aholishunoslik departamenti direktori, professor Melinda Millsning aytishicha, aholining qisqarishi va qarishi jamiyatni "oziq-ovqat xavfsizligi va migratsiya tartibiga taʼsiridan tortib, mamlakatlar infratuzilmasiga qadar" tayyor boʻlishni va qayta tashkil etishni talab qiladi. "Aholining tarkibi maktablar, uy-joy, transport, uy-joy, sogʻliqni saqlash va pensiyalar kabi infratuzilmaga, shuningdek, madaniy va ovoz berish oʻzgarishlariga taʼsir qiladi", deya qoʻshimcha qildi u.
BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisi birinchi marta 2022 yilning noyabrida 8 milliarddan oshdi. Sayyora aholisi 12 yil ichida 1 milliardga oshgan. Prognozlarga koʻra, insoniyat 2030 yilga borib 8,5 milliardga, 2080 yilga borib esa eng yuqori choʻqqi – 10,4 milliardga etadi.
Oxirgi 200 yil ichida dunyo aholisi 8 baravarga oshgan. Masalan, agar 1900 yillarning boshlarida sayyoramizda bor-yoʻgʻi 1,6 milliard odam boʻlgan boʻlsa, 2000 yillarning boshlarida allaqachon 6 milliard, 2011 yilda esa 7 milliardga yetgan. Bunday tez oʻsish tibbiyotning rivojlanishi, sanitariya sohasida, ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, keng emlash qamrovidagi erishilgan yutuqlar bilan izohlanadb.
BMT taʼkidlaganidek, aholi sonining doimiy oʻsishiga qaramay, uning oʻsish surʼati soʻnggi paytlarda sekinlashdi. 60 dan ortiq mamlakatlarda 2022-2050 yillar oraligʻida "tugʻilishning doimiy pastligi va ayrim hollarda emigratsiya koʻrsatkichlarining oshishi" tufayli aholi soni 1 foizga yoki undan koʻproqqa qisqarishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, tashkilot 2050 yilgacha prognoz qilinayotgan dunyo aholisining oʻsishining yarmidan koʻpi sakkizta davlat – Kongo Demokratik Respublikasi, Misr, Efiopiya, Hindiston, Nigeriya, Pokiston, Filippin va Tanzaniyada toʻplanishini taʼkidladi.