platina.uz
Jamiyat

Quyoshi botmaydigan mintaqalar

Yer kurrasining qutblari va unga yaqin joylarda oylab quyosh chiqmaydigan yoki botmaydigan, yarim yillab tun va yarim yillab kun davom etadigan hududlar bor.

Quyoshi botmaydigan mintaqalar

Fransuz adibi Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” allegorik qissa-ertagida shunday sahna bor: Kichkina shahzoda koʻngli gʻussaga botgan payti quyosh botishini kuzatib taskin topadi. U istasa soatlab bu jarayonni kuzatishi mumkin. Chunki uning sayyorasi kichkina, oʻzi oʻtirgan kursisini sal oldinga sursa bas, xohlasa botayotgan quyosh shafagʻini abadiy kuzatib oʻtirishi mumkin...

Lekin bizning sayyoramiz juda katta. Biz quyosh botishini bir sutkada faqat bir marta kuzata olamiz. Kursimizni sal oldinga surishimiz kifoya qilmaydi. Biroq shu ham bizning mintaqalarda yashovchilar uchun katta neʼmat. Zero Yer kurrasining qutblari va unga yaqin joylarda oylab quyosh chiqmaydigan yoki botmaydigan, yarim yillab tun va yarim yillab kun davom etadigan hududlar bor.

Xalqimizda toʻrt tomoning qibla, degan naql bor. Odatda hamma musulmonlar Makka shahridaggi Kaʼbaga qarab namoz oʻqishadi. Biroq Kaʼbaning ichida turgan odam dunyoning istagan nuqtaga qarab namoz oʻqishi mumkin: uning uchun dunyoning 4 tomoni ham qibla boʻlib qoladi.

Shimoliy qutbda ham shu oʻxshatishni tatbiq etish mumkin. Shimoliy qutbda turgan odam uchun 4 tomoni ham janub boʻladi, chunki shimoliy qutb diametral tarzda Janubiy qutbga qarama qarshi tomonda joylashgan. Yer kurrasining boshqa hududlaridan farqli ravishda, Shimoliy qutbning geografik koordinatasida geografik uzunlik tushunchasi yoʻq, chunki sayyoramizning barcha meridianlari shu qutbda birlashadi. Bu yerda faqat 90°00′00″ shimoliy kenglik mavjud xolos. Shu boisdan mazqur qutb biror bir vaqt zonasiga ham kirmaydi. Zero vaqt zonalari meridianlar oʻzgarishi bilan belgilanadi. Shunga qaramasdan, Shimoliy qutbda, shuningdek, janubiy qutbdagilar Grinvich vaqti bilan (GMT (Greenwich Mean Time), UTC±0:00; Buyuk Britaniya poytaxti Londonning Grinvich tumanida joylashgan Grinvich qirollik observatoriyasi “ustidan oʻtgan” meridian boshlangʻich “0” nuqta deb qabul qilingan; geografik koordinatalari - 51°28′40″ shimoliy kenglik, 0°00′05″ gʻarbiy uzunlik. Masalan Oʻzbekiston UTC+5 soat zonasida, demak Londonda soat 1 boʻlsa, bizda 6 boʻladi – tahr.) yoki oʻz vatanlarining soat zonalari boʻyicha faoliyat yuritadi.

Grinvich qirollik observatoriyasi.

Shimoliy qutb Qutb yulduziga tik qaraydi. Qutb yulduzi esa osmondagi yulduzlarning Yerdagi kuzatuvchiga nisbatan “harakat”ida ishtirok etmaydi – qoʻzgʻalmaydi. Qutb yulduzi osmonda Kichik ayiq turkumi, xal tilida Yetti qaroqchi yulduziga oʻxshagan, ammo undan teparoqda va kichikroq boʻlgan yulduz turkumining “dum” tarafidagi oxirgi yulduz.

Qutb yulduzi.

Osmon yulduzlari aylanishi.

Sayyoramizning janubiy qutbida deyarli odam muqim yashamaydi. Lekin shimoliy qutbga yaqin yerlarda insonlar minglab yillar davomida hayot kechirib kelmoqda. Jumladan, Skandinaviya yarim orolidagi Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Daniya, shuningdek, Rossiya, Kanada va AQShning shimoliy hududlari shimoliy qutb doirasiga kiradi.

Nega qutblarda Quyosh chiqish va botishi koʻrinishi ekvatorga yaqin hududlardagidan farq qiladi?

Chunki Yer oʻz oʻqi atrofida aylanadi. Uning belbogʻi va unga yaqin hududlar 24 soat ichida toʻliq bir marta aylanadi. Quyoshga qaragan tomonidan kunduz, aks holatda tun kiradi. Bu sutka deb hisoblanadi. Biroq Yer Quyosh atrofida ham aylanadi va 23,44 daraja burchak ostida ogʻib harakatlanadi. Yer oʻqining ogʻish burchagidagi oʻzgarish bois yilning har bir kuni boshqasidan farq qiladi: doim 12 soat tun va 12 soat kun boʻlmaydi. Yerning Quyoshga tushayotgan nurlari burchagi oʻzgarishi haroratning oʻzgarishiga, pirovardida fasllar oʻzgarishiga ham sabab boʻladi

Yer kurrasi oʻqining ogʻish burchagi sxemasi.

Quyosh nurlari tik tushsa, kuchliroq qizdiradi, va aksincha, qancha qiya boʻlsa, uning isitish “kuchi” shunchalik kamayadi. Yer qutblari esa doimo Quyoshga “noqulay” burchak – oʻta qiya burchakda “qarab” turadi. Natijada bu yerda yil-12 oy sovuq, qish va qor hukmron. Tabiiyki, kun va tun oʻzgarishi ham boshqa joylardagidan farq qiladi. Bu yerdagi ayrim nuqtalarda quyosh umuman botmasligi, “oq tunlar” – yorugʻlik kuchli boʻlgan tungi soatlar kuzatilishi mumkin.

Shimoliy qutbda “Qutb yogʻdusi” ham kuzatiladi. U sayoramiz atmosferasi eng yuqori qismlarida magnitosferaning “quyosh shamoli”ning zaryadlangan zarralari bilan taʼsirlanishi natijasida mitti chaqnashlar oqibatida paydo boʻladi.

 Qutb yogʻdusi.

Shimoliy qutbda doimiy muzlik hukmron Arktika muz okeani joylashgan. Bu yerdan ertak va afsonalarning qahramonlari ham “panoh topgan”. Masalan afsonaviy Santa Klausning (fin tilida – Youlupukki) “qarorgohi” Finlyandiyaning Laplandiya mintaqasi poytaxti Rovaniyemi shahridagi Santa Klaus qishlogʻida joylashgan.

Santa-Klaus qarorgohi.

Qutblarda hayot qanda kechadi?

Shimoliy qutbda yashovchi yoki ishlovchilar 6 oy tun, 6 oy kun, yoki “oq tunlar”, yoki quyosh gorizontda botmay yoki chiqmay turishiga koʻnikib ketishadi. Ilk marta bu hududlarga kelgan odamlar moslashuv uchun Yerning qutbdan tashqari hududlaridagi “kun soatlari” paytida derazalarni yopib, xonani qorongʻilatib uxlashadi.

Shimoliy qutbda asosiy transport vositasi –bugʻu qoʻshilgan chanalar.

Biroq shimolda ham musulmonlar borib, oʻrnasha boshlagach, boshqa bir muammo paydo boʻldi. Bu avvalo namoz vaqtlari va Ramazon roʻzasini tutish bilan bogʻliq. Maʼlumki, islomda namoz maʼlum bir vaqtlarda farz boʻladi. Vaqt esa quyosh chiqishi, qiyom – tepada tik turgan va botadigan paytlarga qarab aniqlanadi. Biroq shimoliy va janubiy qutblarda bu vaziyatda qanday yoʻl tutiladi? Masalan bu yerda roʻza paytida 22-23 sotlab kun davom etsa, saharlik, iftor va tarovehning hammasiga 1-2 soat ichida “ulgurishga majbur” boʻlasiz.

Bu borada shariat ulamolarining fikri yakdil emas. Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasi mutaxassislarining tushuntirishicha, din buyruqlariga boʻysunish - insoniyatga u qayerda yashashidan va qanday holatda yashayotganidan qatʼi nazar lozim vazifa.

1) Demak, kecha va kunduzi mavjud shaharlarda garchi kecha yoki kunduz uzun va qisqa boʻlsa-da, shunga qarab namoz oʻqish va roʻza tutish kerak. Hatto kunduzi 22 soat boʻlsa-da, roʻza tutiladi. Kun botgan zahoti shom oʻqiladi va yarim soat oʻtkazib xufton namozi oʻqiladi. Tong otishi bilan esa bomdod oʻqiladi. Shuning orasida roʻza tutadiganlar iftorlik va saharlik ham qilib olishi lozim. Tarovehga ham ulgurishlari kerak, albatta.

Yurtimiz ulamolarining aytishicha, “ularning bunday uzun kunlarda roʻza tutishlari haraj tugʻdirmaydi. Garchi Alloh taolo bandalariga haraj, qiyinchilikni ravo koʻrmagan boʻlsa-da, ammo, har bir sharʼiy amalning oʻziga yarasha mashaqqati, qiyinchiligi boʻladi. Bu ana shunday mashaqqatdir. Xudoyi taolo bandalarini oʻshanday kunduzi uzun, kechasi qisqa shaharlarda yashatib qoʻyibdimi, demak, ularni shunga moslab, oʻrgatib yashatmoqda. Binobarin, u yerlarda yashayotganlarga roʻza tutish mashaqqat boʻlmaydi. (“Majmuat al-fatovo”). Milodiy oʻn toʻrtinchi asrdayoq Bulgʻoriyaga safar qilgan arab sayyohi Ibn Battuta u yerda musulmonlariga qoʻshilib, 23 soatlik roʻza tutganligi, xufton va tarovehni bir amallab oʻqib olganini taajjub va hayrat ila yozib qoldirgan”.

Saudiya Arabistonidan kelgan sayyoh Shimoliy qutbda, sovet atom muzyorar kemasi fonida namoz oʻqimoqda. 1990 yil.

2) Biroq ikkinchi vaziyatda - olti oy kunduz, olti oy tun boʻladigan makonlarda - qutb shaharlarida musulmonlar vaqtni oʻlchaydilar, belgilab oladilar.

Qanday belgilash haqida esa ulamolarimiz ixtilofga borishgan:

a) Baʼzi ulamolar bunday makonda yashovchilar vaqtlarini Makka shahridagi vaqt bilan bir xil tarzda belgilaydilar, deyishadi. Chunki, Makka shaharlar onasi va bunga barcha musulmonlar kelishib olishgan. Ona esa ergashishga loyiq imom kabidir.

b) Bu yerlarda yashayotganlar eng oʻrta vaqtni oladilar, deydigan ulamolar ham bor. Yaʼni, kunduz va kechani oʻn ikki soatdan belgilab oladilar. Zotan, mana shu qishu yozda eng moʻʼtadil vaqtdir.

v) Uchinchi qavlni bildirgan ulamolar bunday deydilar: qutb shaharlarida yashovchi musulmonlar vaqtlarini kecha va kunduz muntazam boʻladigan shu shaharlarga eng yaqin shaharlar vaqtini oladilar. Jugʻrofiy jihatdan ham mana shu fikr munosibroq.

Demak, qutb shaharlarida yashovchilar oxirgi qarashni olib ish tutadilar va shunga mos ravishda namoz va roʻza vaqtlarini belgilab oladilar.

Boshqacha qilib aytganda, bizning ulamolarimiz fikriga koʻra, qutbda namoz oʻqish va roʻza tutishga tutingan musulmon kecha va kunduzi “normal” boʻlgan eng yaqin shahardagi vaqtga rostlangan holda ibodatlarini ado etishadi.

Shimoliy qubning doimiy “aholisi” – oq ayiqlar, muzliklar va muzyorar kema.

Qutbning qutbdan farqi bor

Bir qarashda Shimoliy va Janubiy qutblar bir xildek tuyuladi: ikkalasi ham Yer qutbida, qorli va sovuq. Biroq shunga qaramasdan ular bir xil emas. Avvalo, Shimoliy qutb suv ostida – Arktika muz okeani ostida joylashgan, Janubiy qutb esa quruqlikda – Antarktida qitʼasida joylashgan. Qolaversa, bu mintaqalarning “tubjoy aholisi” ham farq qiladi. Shimoliy qutbda - oq ayiqlar yashaydi, Janubiy qutbda esa – pingvinlar. Shimoliy qutb chekkalari unga chegaradosh davlatlarga tegishli, Janubiy qutb esa neytral, hech qaysi davlat yurisdiksiyasiga kirmaydigan hudud hisoblanadi. Qolaversa, boshqa farqlar ham arzimas boʻlsada, yetarli.

Shimoldagi shaharchaning osuda va qorli hayoti. Shvetsiya.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid