Qarshida “Xalq qabulxonasi bogʻi” tashkil etilmoqda
Bogʻ maydoni 7 gektar hududni egallaydi, hozirda 5 gektar yerga minglab daraxt koʻchatlari ekilgan.

Prezident Xalq qabulxonasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Qarshi shahridagi 7 gektar boʻsh maydonda “Xalq qabulxonasi bogʻi”ni tashkil etishga kirishildi. Buning uchun chinor, eman, argʻuvon (bagryannik), qaragʻay, hind sireni, pavloniya, akatsiya kabi 12 turdagi 2,5 ming tupdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari keltirildi.
Kuni kecha – “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostidagi umumxalq xayriya hashari kunlari viloyat masʼullari, nuroniylar, yoshlar ishtirokida Qarshi shahridagi yangi Xalq qabulxonasi bogʻiga ham yaxshi niyatlar bilan ilk koʻchatlar qadaldi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi bu bunyodkorlik harakatiga oʻnlab mutaxassislar, yuzlab ishchilar, hasharchilar oʻz hissasini qoʻshdi.
Qisqa vaqtda 5 gektar yerga 2,5 ming daraxt koʻchatlari ekildi, hududdagi mavjud sugʻorish tizimi ham yangilanyapti.
“Xalq qabulxonasi bogʻi”ni barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.