Isteʼmolchilar federatsiyasi raisi firibgarlikda ayblanib sudlandi
U yordamchisi orqali federatsiya haydovchisining plastik kartasiga 1.000.000 soʻm miqdoridagi pullarni oʻtkazdirishga erishgan.

Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov firibgarlikda ayblanib sudlandi.
Mazkur ish yuzasidan Toshkent shahar sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining hukmi Platina.uzda mavjud. Hujjatga koʻra, Sarimsoqov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3 qismi "b" bandi bilan sudlangan.
Malum boʻlishicha, 2021 yilda Jahongir Sarimsoqov Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelib, mansab mavqeidan foydalanib, federatsiya tuzilmasi tarkibidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Federatsiyasi raisi Urumbayev Axmet Nagmetovichdan federatsiyaning yangi tahrirdagi ustavini Adliya vazirligidan qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun pul berishni talab qilgan.
U Federatsiya raisi yordamchisi M.Nabiyev orqali federatsiya haydovchisi I.Shoakbarovning plastik kartasiga 1.000.000 soʻm miqdoridagi pullarni oʻtkazdirishga erishib, soʻngra mansab vakolatidan chetga chiqib, oʻzboshimchalik bilan qoʻlga kiritilgan mazkur pul mablagʻlariga 2 donadan chopon, doʻppi va belbogʻ sotib olib, ularni sovgʻa sifatida qurilish tashkiloti xodimlariga berib yuborganligi natijasida A.Urumbayevning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.
Jahongir Sarimsoqov tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyatida uning harakatlarida jinoyat tarkibi yoʻqligi va jinoiy xodisa yuz bermaganligi sababli, sud hukmini bekor qilib, JPKning 83-moddasi 1, 2-bandlariga asosan oqlov hukmi chiqarish soʻralgan.
2022 yilda sud mazkur ish yuzasidan Sarimsoqov Jahongir Toshpulotovichni Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topgan unga nisbatan yuritilgan ish hujjatlari JKning 70-moddasiga asosan tugatilib, jazodan ozod qilingan. Yakunda sudlanuvchidan jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zarar summasi undirishni belgilagan.
Eslatib oʻtamiz, ayni damda ham Sarimsoqov federatsiya raisi lavozimida ishlashda davom etmoqda. U 2016 yilda rahbarlikka kelgandi.