HAMAS harbiy qanotining muhim yetakchisi Marvan Issa oʻldirildi
Harbiy guruhning oʻzi bu maʼlumot yuzasidan izoh bermadi.

Oq uyning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning maʼlum qilishicha, oʻtgan hafta Isroil harbiylari HAMAS guruhining jangari qanoti yetakchilaridan biri Marvan Issani oʻldirdi.
Isroil avvalroq Issa Gʻazo sektoridagi zarba nishoni boʻlganini daʼvo qilgan, biroq uning oʻlimini tasdiqlamagandi.
"HAMAS rahbarligidagi uchinchi odam Marvan Issa oʻtgan hafta Isroil amaliyotida oʻldirilgan. Qolgan yetakchi rahbarlar, ehtimol, tunnellar tarmogʻida yashiringan", — dedi Sallivan brifing chogʻida.
Harbiy guruh rasmiylari Issaning oʻlimi haqidagi xabarlarga izoh bermadi.
11 mart kuni Isroil harbiylari Gʻazo markazidagi Nusayrat qochqinlar lageri yaqinidagi yer osti majmuasiga havo hujumi uyushtirgani, Issa nishonga olinganini maʼlum qildi va uni 7 oktabr kuni Xamasning Isroilga hujumi tashkilotchilaridan biri deb atadi.
Issa HAMASning harbiylashtirilgan qanoti" Al-Qassam" brigadalarini boshqaradigan Muhammad Deifning oʻrinbosari edi.
Isroil qurolli kuchlari matbuot kotibi Daniyel Hagarining aytishicha, Issa operatsiyada oʻldirilganmi yoki yoʻqmi, hozircha aniq emas: "Biz zarba oqibatlarini oʻrganyapmiz va yakuniy tasdiq hali olinmagan".