Rossiyada prezidentlik saylovlari boʻlib oʻtmoqda. Asosiy maʼlumotlar
Bu Ukraina urushi boshlangandan soʻng ilk prezident saylovidir.

Bugun, 15 mart kunidan Rossiya Federatsiyasi boʻylab prezidentlik saylovlari boshlandi. Saylovlar uch kun, 15,16 va 17 mart kunlari davom etadi. Nomzodlar:
- mustaqil nomzod, Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin;
- Rossiya Kommunistik partiyasidan deputat Nikolay Xaritonov;
- Rossiya Liberal demokratik partiyasidan Leonid Slutskiy;
- “Yangi odamlar”dan duma vitse-spikeri Vladislav Davankov.
Dastlabki natijalar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 18 mart kuni eʼlon qilinadi.
Bundan tashqari, 144 davlatdagi 228 ta uchastkada ham rossiyaliklar ovoz bermoqda.
Agar amaldagi prezident Vladimir Putin saylovda gʻalaba qozonsa, kamida 2030 yilgacha hokimiyatda qoladi.
Ushbu saylovlar Ukraina urushi boshlangandan keyingi ilk prezident saylovlaridir. 2018 yilgi siyosiy jarayonlarda Putin 76 foizdan oshiq ovoz olib saylangandi.
2020 yilda Rossiyada Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish boʻyicha referendum oʻtkazildi. Unga koʻra, Putin 2036 yilgacha rasman saylovlarda qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.
Koʻpchilik soʻrovnomalar va siyosiy tadqiqotchilar Putinning ehtimoliy gʻalabasi haqida yozmoqda.
Urushga qarshi pozitsiyani namoyish etgan ikki nomzod, Yekaterina Dunsova va Pavel Nadejdin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan oʻtkazilmadi.