Prezident Sirdaryoga "Afrosiyob"da yetib bordi
Tumanda oʻtayotgan yigʻilishda Shavkat Mirziyoyev nega aynan ushbu hududga kelgani sababini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 14 mart kuni Sirdaryo viloyatiga yoʻl oldi.
Safar asnosida davlat rahbari "Afrosiyob" poyezdida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda diniy-maʼrifiy yoʻnalishlardagi ishlar, muborak Ramazon oyining fazilatlari haqida soʻz bordi.
Maʼlumki, 11 mart kuni butun islom ummati qatori yurtimiz musulmonlari ham bu qutlugʻ oyni xursandchilik bilan kutib oldilar. Roʻzadorlar mamlakatimizdagi tinchlik va farovonlik sharofatidan ibodatlarini emin-erkin ado etmoqda, buning uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytmoqda. Masjidlarda Qurʼoni karim xatm etilib, xalqimizga osoyishtalik, fayzu baraka tilab duolar qilinmoqda.
Muftiy bu ulugʻ ayyomda sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda boʻlishini, yurtdoshlarimiz buni his qilib, savob amallarni koʻp qilayotganini aytdi.
Prezident bu oyni yuksak darajada oʻtkazish, yurtimizdagi tinchlikni qadrlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi. Inson qadrini ulugʻlash maqsadiga muvofiq, xalqimiz manfaatlarini taʼminlash, muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlash davom ettirilishini aytdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa va uy xoʻjaliklaridagi imkoniyatlarni toʻliq ishga solish orqali qishloq aholisi turmushini yuksaltirish muhimligi taʼkidlandi. Yoshlarni bilim-maʼrifatli va vatanparvar etib tarbiyalash, ularni oʻqishga, mehnatsevarlikka undashning ahamiyati haqida suhbatlashildi.
Sirdaryoning Sayxunobod tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari nega aynan shu tumanga kelganini izohladi.
Sayxunobod aholisi yaxshi yashashga, daromadli boʻlishga, bolalarini oʻqitishga intilayotgani, lekin tumandagi ogʻir iqtisodiy ahvol bunga toʻsqinlik qilayotgani qayd etildi.
Tadbirkorlik, bandlik, kambagʻallikdan chiqarishga katta-katta mablagʻlar ajratilayotganiga qaramay, Sayxunoboddagi 19 ta mahallada yashaydigan 83 ming aholini qanchasiga bu imkoniyatlar yetib borayapti, degan savol ochiq qolmoqda.
Shuning uchun bugungi yigʻilish tomorqa va uy xoʻjaliklarini rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishda nafaqat Sayxunobod, balki butun mamlakatimiz uchun tub burilish yasaydi.Joylardagi va respublika darajasidagi rahbarlar Sayxunoboddagi ahvolni yaxshilashga eʼtibor qaratmagani, pastga tushib ishlamagani, faqat yigʻilish oʻtkazish bilan cheklangani tanqid qilindi.
Misol uchun, tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor, kambagʻallik darajasi – 14 foiz, mahalliy byudjet tushumi 27 milliard soʻm, xarajati 67 milliard soʻm.
Bir soʻz bilan aytganda, Sayxunobodda tadbirkorlik oʻsmayapti, Yangi Oʻzbekiston nafasi sezilmayapti, - dedi davlat rahbari.
Shu bois, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etilib, oʻrniga zamonaviy rahbarlar qoʻyildi.