Bir umr “temir oʻpka” bilan yashagan Pol Aleksandr vafot etdi
Yetmish yildan ortiq vaqt davomida “temir oʻpka” kapsulasida yashagan Pol Aleksandr vafot etdi. U bolaligida poliomiyelit bilan ogʻrib, boʻynidan pasti falaj boʻlib qolgan edi.

70 yildan ortiq temir oʻpkada yashagan amerikalik Pol Aleksandr 79 yoshida vafot etdi. The Independent gazetasi shu haqda xabar tarqatgan. Gazeta GoFundMe kraudfanding platformasi sahifasi bayonotiga tayanib xabar bergan, chunki bu platformada Polni qoʻllab-quvvatlash uchun muntazam ravishda mablagʻ yigʻib turilar edi.
Aleksandr 11 mart, dushanba kuni vafot etgan, ammo bu haqda faqat bugun maʼlum boʻldi. Oʻlim sababi hozircha nomaʼlum. "Pol, sizni sogʻinib, doimo eslab yurishadi. Umr qissangizni biz bilan baham koʻrganingiz uchun tashakkur”, deb yozgan mablagʻ yigʻish boʻicha tashkilotchi Kristofer Ulmer.
Aleksandrning ukasi Filipp pul yigʻib bergan barcha saxovat egalariga minnatdorchilik bildirdi va bu yordam uning uzoq umr koʻrishiga yordam berganini taʼkidladi.
Pol Richard Aleksandr 1946 yil 30 yanvarda Dallasda tugʻilgan. Olti yoshida u poliomiyelitning ogʻir shakli bilan xastalangan. Bola shol boʻlib qoldi, hatto oʻpkasi ham ishlamay qolgani bois, uni majburan sunʼiy nafas oldiruvchi temir kapsulaga - Angstrem apparati ("temir oʻpka")ga solib qoʻyishdi. Bu apparat XIX asr oxirida yaratilgan, ammo 1952 yilda takomillashtirilgan. Qurilma inson boʻyiga teng uzunligidagi germetik barokamera boʻlib, uning ichida atmosfera bosimidan farqli bosim hosil boʻladi. Bosimni navbati bilan kamaytirish va oshirish orqali qurilma odam oʻpkasini majburan shishirib-puchaytiradi va shu tarzda nafas olishga yordam beradi.

Bir umr, kuniga 24 soat shu apparat ichida yotishga mahkum etilganiga qaramasdan, Aleksandr 21 yoshida oʻrta maktabni tugatdi va keyinchalik Dallasdagi Janubiy Metodist universiteti va Ostindagi Texas universitetida huquqshunoslik fakultetini tamomladi. 1984 yilda u huquqshunoslik fanlari doktori ilmiy darajasini oldi va xususiy yuridik amaliyot bilan shugʻullana boshladi. Yoshligida u bir vaqtning oʻzida bir necha soat davomida qurilmasiz ishlay olardi, ammo keyin bu imkoniyatdan ham mahrum boʻldi. u hali ham unga zanjirband qilingan.
2018 yilga kelib, dunyoda bunday kapsulada uch kishi yashagan, ammo 2020 yilga kelib, yagona Pol Aleksandr tirik patsiyent sifatida qoldi. U “temir oʻpka” yordamida eng uzoq umr koʻrgan odam sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Maʼlumot: Poliomiyelit - poliovirus keltirib chiqaradigan oʻta yuqumli infeksion kasallik boʻlib, uning virusi markaziy asab tizimiga hujum qiladi va falajlikka, hattoki oʻlimga olib kelishi mumkin. Virus odamdan odamga maishiy, suv va oziq-ovqat manbalari orqali yuqadi. Bolalar ham bu kasallikdan aziyat chekadi. Vaksina olmagan yoki toʻliq kursini oʻtamagan odamlarda kasallanish xavfi yuqori. Poliomiyelitning birinchi alomatlar orasida isitma, kataral alomatlar, charchoq, bosh ogʻrigʻi, qayt qilish, holsizlik va falajlanish rivojlanishi alohida ajralib turadi.




