Toshkentdagi qurilishda 23 yashar ishchi vafot etdi
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziyatni oʻrganganini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentdagi qurilish obʼektida 23 yoshli yigit boshiga qolip tushib ketishi oqibatida vafot etdi”, mavzusidagi maʼlumotlar tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi ushbu holatni oʻrgandi va maʼlumot berdi.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur obʼekt Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qaroriga asosan Toshkent shahar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan oʻrnatilgan tartibda roʻyxatga olingan.
Buyurtmachi “New Times Buildings” MChJ Davlat xizmatlari agentligi orqali Toshkent shahar Yangihayot tumani “Yangi darxon” MFY hududida 4 ta 17 qavatli uy-joylar qurilishi uchun roʻyxatdan oʻtgan. Keyinchalik qurilish ishlari subpudratchi “King House” MChJga topshirilgan.
Qurilish-montaj ishlari hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan muntazam nazorat qilib borilgan. Xususan, bajarilishi zarur boʻlgan 10 ta yozma koʻrsatma berilgan. Biroq ish jarayonidagi ehtiyotsizlik sabab 2024 yilning 11 mart kuni qurilishda ishlab kelayotgan 2001 yilda tugʻilgan Sh.B.ning boshiga 14-qavatdan qolip-opalubka tushib ketishi natijasida u vafot etgan.
"Shu oʻrinda qurilish obʼekti ishtirokchilari, xususan, buyurtmachi, pudratchi va texnik nazoratchilarning qurilish maydonlaridagi ishchilar uchun xavfsiz sharoitlarni yaratib berishga masʼul ekanliklarini yana bir karra eslatib oʻtamiz", deyiladi vazirlik bayonotida.