Toshkentda "Bir million dasturchi" loyihasiga ajratilgan pullar talon-toroj qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi besh hududdagi holatni joylarga chiqqan holda oʻrgandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi "Bir million dasturchi" loyihasi doirasida talon-toroj qilish holatlarini aniqladi.
Agentlik tomonidan 2023 yil davomida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi “Oʻquv taʼlim-taʼminot” davlat muassasasi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida respublika byudjeti hisobidan xarid qilingan kompyuter va boshqa vositalarning tavsiya etilgan texnik topshiriqlarga muvofiqligi hamda moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi Fargʻona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida joyiga chiqqan holda oʻrganilgan.
Natijada yetkazib berilgan kompyuterlarning texnik xususiyatlari oʻrganilganida shartnomada koʻrsatilgan talablar toʻliq bajarilmaganligi aniqlandi.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha toʻplangan hujjatlar masʼul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.
Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, “Oʻquv taʼlim-taʼminot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan yetkazib berilishi lozim boʻlgan qoʻshimcha elektron vositalar yetkazib berilmasdan, jami 919 mln 360 ming soʻm miqdordagi byudjet mablagʻlari oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Departamentning Toshkent shahar boʻlimi tomonidan “Oʻquv taʼlim-taʼminot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aksilkorrupsiya agentligi avvalroq 1 mlrd. soʻmdan oshiq davlat xaridlarida qonun buzilishlarini aniqlagandi.