Ishchi guruh Andijondagi vaziyatni oʻrgandi
2024 yilda amalga oshiriladigan 204 milliard soʻmlik loyihalar roʻyxati shakllantirildi.

Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonasi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Andijon viloyatida davom ettirmoqda.
Prezident maslahatchisi oʻrinbosari – Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi ishchi guruh viloyat mahallalarida aholi muammolarini hal qilish, ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash, “mahalla yettiligi”ning faoliyati hamda yoshlar bilan ishlash tizimini samarali tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga chiqqan holda oʻrganib, kerakli amaliy va tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatib kelmoqda.
Xususan, Xalq qabulxonalari va “Mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan 765 ta maktabda taʼlim sifatini yaxshilash bilan bogʻliq chora-tadbirlar aniq belgilab olindi hamda “Oila – mahalla – taʼlim muassasasi” hamkorligi mexanizmi jonlantirildi.
“Mahalla yettiligi” bilan Farmon va Qaror talablaridan kelib chiqib, mahalla hududida aholi bilan muloqot qilib, ularning kayfiyati va muammolarini oʻrganish ishlari olib borildi.
Mahallalar uyushmasining 5 ta hududiy boʻlinmasii uchun xizmat binolari ajratilib, 182 ta mahalla raislari uchun kompyuter jamlanmalari va 7 tasi mebel jamlanmalari bilan taʼminlangan. Barcha mahallada “yettilik”ning kunlik, haftalik va oylik rejalari ishlab chiqilib, tatbiq etish choralari koʻrilmoqda. Barcha mahallalarda bank hisob raqamlari ochilib, “Mahalla byudjeti” tizimining amaliyotga joriy etilishi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Yoshlar bilan manzilli ishlash maqsadida 67 ta mahallada 174 nafar ziyolilar, nuroniylar 62 ta maktabdagi oʻquvchilarga “Ustoz – shogird” anʼanasi asosida biriktirildi hamda ular tomonidan har oyda kamida 2 marotaba sinflarda oʻquvchilar bilan “tarbiyaviy soatlar”ni oʻtkazish va unda ota-onalar toʻliq ishtirok etishlarini taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, 174 nafar ziyolilar, tajribali nuroniylar “Bir nuroniy oʻn nafar yoshga masʼul” tamoyili asosida 140 nafar oʻquvchiga, shu jumladan, 3 nafar tarbiyasi ogʻir, qoniqarsiz baholarga oʻqiyotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari boʻlgan oʻquvchilarga biriktirildi.
Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan aholimizga qulaylik yaratish maqsadida 15-22 mart kunlari 17 ta hududda arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etilishi rejalashtirildi.
Bundan tashqari, Respublika ishchi guruhi tomonidan aholi kayfiyatiga taʼsir qiluvchi muammoli holatlar oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi.
Aholi murojaatlarini oʻrganish natijasida 2,7 km yoʻllar taʼmirlandi, 6,8 km masofadagi yoʻllar shagʻallandi, 24 ta elektr transformatorlari taʼmirlandi, 93 ta yangi beton tayanchlar oʻrnatish, 5 ta gaz taqsimlash punktlarini taʼmirlash, 2,3 km masofadagi gaz va 2,4 km ichimlik suvi tarmoqlarini taʼmirlash, 3 dona ichimlik suvi inshoti qurish ishlari amalga oshirildi.
Hal etilishi muayyan muddat va mablagʻ talab etadigan ijtimoiy muammoni bartaraf qilish, “mahalla yettiligi”ning faoliyati va yoshlar bilan ishlarni samarali yoʻlga qoʻyishga qaratilgan manzilli choralarni qamrab oluvchi “Yoʻl xaritasi” tayyorlandi. Xususan, unga koʻra 2024 yilda amalga oshiriladigan 204,0 mlrd. soʻmlik 917 ta mikroloyihalar roʻyxati shakllantirildi. Ushbu loyihalar hisobiga yil yakuniga qadar 4 833 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Kelib tushgan murojaatlar asosida “Temir daftar”ga kiritilgan 4 ta oilaga 2,6 mln soʻmlik, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 9 nafar yoshlarga 14,9 mln. soʻmlik va “Ayollar daftari”ga kiritilgan 10 nafar xotin-qizlarga 10,0 mln. soʻmlik yordamlar koʻrsatildi. Shuningdek, uy-joy taʼmiriga muhtoj, oʻta ogʻir sharoitda yashayotgan 8 ta oilaning uyini taʼmirlash ishlari boshlandi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.