AQSh "Rossiyani tiyib turish" uchun katta pul ajratadi
Qoʻshma Shtatlarning 2025 yil uchun byudjet loyihasi eʼlon qilindi.

AQShning 2025 yilgi byudjeti loyihasida "Rossiyani tiyib turish" uchun 1,5 milliard dollar mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilmoqda. Shunga oʻxshash maʼlumotlar AQSh hukumati saytida ham eʼlon qilingan.
“Oq uy soʻrovi Kreml agressiyasiga qarshi kurashish uchun 1,5 milliard dollar ajratishni oʻz ichiga oladi”, deyiladi hujjat loyihasi matnida.
Taʼkidlanishicha, Kiyevni qoʻllab-quvvatlash masalasida kelishuv yoʻqligi sababli byudjet loyihasida “Ukraina ehtiyojlari uchun pul ajratmalari” kiritilmagan.
“Byudjet Ukrainaga yordam bera olmaydi, buning uchun Kongress chora koʻrishi kerak”, deb xulosa qildi hujjat mualliflari.
Yangi byudjet loyihasida AQSh mudofaa xarajatlari uchun 850 milliard dollar ajratish koʻzda tutiladi.
Eslatib oʻtamiz, AQShda Ukraina uchun 60 milliard dollarlik yordam paketi Senatda tasdiqlandi. Ammo uni Vakillar Palatasi ham tasdiqlashi kerak.
Avvalroq Jo Bayden Ukrainani qoʻllab-quvvatlashda toʻxtamasligini taʼkidlagandi.




