platina.uz
Jamiyat

“Oʻzsanoatqurilishbank” Chilonzor filiali sobiq rahbarining kirdikorlari fosh boʻldi

U bank kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish orqali daromad koʻrish jinoiy rejasini ishlab chiqqan.

“Oʻzsanoatqurilishbank” Chilonzor filiali sobiq rahbarining kirdikorlari fosh boʻldi

5 mart kuni "Oʻzsanoatqurilishbank" Chilonzor filialining sobiq boshqaruvchisi lavozimida ishlagan Gʻ.Qga sud hukmi oʻqildi. Sud hujjati nusxasi Platina.uz sayti tahririyatida bor.

U 2018 yildan 2021 yilga qadar ishlagan vaqtida bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing juda koʻp miqdordagi mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritish maqsadida bank mijozlariga noqonuniy yoʻllar bilan kredit mablagʻlari ajratishiliga rahnamolik qilgan.

Shuningdek, filialdagi rahbarligi davrida kredit ajratilgan jamiyatlarga norasmiy ravishda taʼsischi boʻlib kirib, jamiyatlarning daromadlariga sherik boʻlish va bank kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish orqali daromad koʻrish jinoiy rejasini ishlab chiqqan.

Jumladan, Gʻ.Q. «CH.-M.Q» MChJ rahbari A.A bilan tanishib qolib, unga istalgan miqdorda kredit ajratib berishi mumkinligini vaʼda qilgan.

Shundan keyin ayblanuvchi Gʻ.Q. jabrlanuvchi F.U va uning qizi U.U.ning mulkini qoʻlga kiritish maqsadida, ularga tegishli uyni garovga qoʻydirishga erishgan va oʻz norasmiy rahnamoligidagi korxonaga 5 mlrd. soʻm kredit ajratgan.

Gʻ.Q. oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmagan “C.I.G.” MChJ yordamida 12 oy muddatga 3 oy imtiyozli davr bilan 5 mlrd. soʻm ajratilgan kreditni maqsadsiz sarflab yuborib, bankka qaytarish choralarini koʻrmagan.

Shuningdek, sobiq boshqaruvchi tomonidan kredit taʼminoti sifatida "H.T.G.P." MChJga tegishli Toshkent viloyati, Oʻrtachirchiq tumani hududida joylashgan xizmat koʻrsatish bino va inshootlari ham garovga qoʻyib yuborilgan.

Hukmga koʻra, ayblanuvchi Gʻ.Q. JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi «b» bandi va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga JKning 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalari tartibida uzil-kesil 2 yil 9 oy muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, ayblanuvchidan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Chilonzor filiali foydasiga 2.9 milliard soʻm moddiy zarar undirilishi belgilandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid