platina.uz
Jamiyat

Buxoroda 72 mingdan oshiq oilalarga koʻmak beriladi

Prezident maslahatchi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi aholi bilan muloqot qildi. 

Buxoroda 72 mingdan oshiq oilalarga koʻmak beriladi

Prezident topshirigʻiga asosan Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatida oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Ishchi guruh faoliyati doirasida davlatimiz rahbarining joriy yil 4 martdagi “2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan bandlarni, yaʼni tuman va shaharlar, mahalla va koʻchalarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini oʻtkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Jumladan, “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostida barcha mahallalarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, mehr-saxovat koʻrsatish boʻyicha “Dolzarb 10 kunlik” tadbirlarini hamda viloyatda umumxalq hasharini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Qolaversa, joriy yilning 11 martidan boshlab yurtimizda Muborak Ramazon oyi boshlanadi. Ushbu ulugʻ oyning mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan inson shaʼnini ulugʻlash, yaxshilik va mehru-saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, oila va mahallalarda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bu borada Respublika ishchi guruhi boshchiligida Buxoro viloyatida istiqomat qilayotgan 72 mingdan ortiq kam taʼminlangan oilalar, 5700 ga yaqin boquvchisini yoʻqotgan oilalar, 600 dan ziyod yolgʻiz keksalar hamda 50 mingga yaqin nogironligi bor shaxslarning holidan xabar olish, amaliy koʻmak koʻrsatish koʻzda tutilgan.

Ayni vaqtda, mahallalarda, koʻcha va guzarlar, xiyobonlar, qabriston va ziyoratgohlarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” tamoyillarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Prezident maslahatchi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi mahallalarda boʻlib, mahalla yettiliklari, aholi bilan muloqot olib borib, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Bu jarayonda Qorakoʻl tumanining Qorahoji, Romitanning Shoʻrcha, Gʻijduvonning Koʻlijabbor, Kogon shahrining Xoʻjabargi mahallalarida “Obod xonadon - obod koʻcha - obod mahalla” mezonlarini joriy qilish ishlari ham jadallashtirilmoqda. Mazkur hududlarda yangi mahalla binolari qad rostlamoqda, taʼlim, tibbiyot, madaniyat muassasalari rekonstruksiya qilinmoqda.

Mazkur mahallalardagi taʼmirtalab 18 km yoʻlga shagʻal yotqizildi, 340 ta simyogʻoch ustunlar oʻrniga temir beton tayanch oʻrnatildi, 126 ta yangi beton tayanchlar qurish ishlari olib borildi va 13 km SIP kabellari tortildi. Gaz taʼminoti yaxshilash maqsadida aholiga 822 ta gaz ballon yetkazib berildi, 5,2 km tabiiy gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi, aholi xonadonlariga 7 tonna koʻmir yetkazib berildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash borasida 3 km suv quvurlari taʼmirlandi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid