platina.uz
Jamiyat

Fargʻonadagi “Yoshlar koʻli” Sport vazirligiga qaytariladi

Ushbu obʼekt viloyat hokimi qarori bilan tuzilganiga uncha koʻp boʻlmagan MChJga berib yuborilgandi. 

Fargʻonadagi “Yoshlar koʻli” Sport vazirligiga qaytariladi

Davaktiv agentligi Fargʻonadagi “Yoshlar koʻli” xususiy MChJga berib yuborilayotgani boʻyicha bayonot bilan chiqdi. Unda agentlik mazkur inshoot Sport vazirligiga qaytarilishini maʼlum qilgan.

"Fargʻona viloyati hokimining 2024 yil 29 yanvardagi tegishli qaroriga asosan Fargʻona shahar, “Oybek” MFY hududida joylashgan sobiq “Yoshlar koʻli” bino-inshootlari “Unays Building” MChJga investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun foydalanish huquqi bilan berilganligi, yaʼni sotilmaganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur masalaga aniqlik kiritish boʻyicha oʻrganishlarda ushbu obʼekt Sport vazirligi tomonidan samarali foydalanish uchun Fargʻona shahar hokimligi balansiga Fargʻona viloyat hokimining 2022 yil 30 dekabrdagi qaroriga asosan oʻtkazib berilganligi, biroq hokimlik tomonidan obʼektga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi" deyiladi bayonotda.

Ushbu holatda, “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan tartib talablari bajarilmagan.

Xususan, Qonun talablariga koʻra, davlat koʻchmas mulk obʼektlarini, idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, operativ boshqaruv huquqi asosida bir davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasidan boshqa davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror Davaktiv agentligi tomonidan tegishli davlat organlari bilan kelishuvga koʻra qabul qilinishi belgilangan.

Shunga koʻra, amaldagi qonunchilik bilan belgilangan tartiblar buzilganligi munosabati bilan Davaktiv agentligi tomonidan:

- Sport vazirligiga obʼektni Sport maktabi balansiga qaytarib olish;

- Fargʻona viloyati hokimligiga obʼektni Fargʻona shahar hokimligi balansiga oʻtkazish va “Unays building” MChJga foydalanishga berish toʻgʻrisidagi qarorlarni bekor qilish boʻyicha joriy yil 6 mart kuni tegishli koʻrsatmalar yuborilgan.

Oʻz navbatida, Davaktiv agentligi tomonidan ushbu davlat mulki obʼektini tegishli Sport maktabi balansiga qaytarish masalasi qatʼiy nazoratga olingan.

Bir necha kun avval Fargʻona viloyati hokimi tomonidan Fargʻona shahri markazidagi “Yoshlar koʻli” hududi mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turar joy qurish uchun ochilganiga hali bir oy toʻlmagan firmaga berib yuborilgani maʼlum boʻlgandi. Hudud MChJga mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turar joy qurish sharti bilan doimiy muddatga biriktirib berilgan.

Eslatib oʻtamiz, Davaktiv agentligi yanvar oyida Paxtakor stadioni sotilishini eʼlon qilib, bir kundan soʻng sotuvni toʻxtatib qoʻygandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid