platina.uz
Jamiyat

Ekologiyani mashinalar holati evaziga yaxshilashmoqchi

Mashinalar ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib "qizil", "sariq" yoki "yashil" toifalarga ajratiladi. 

Ekologiyani mashinalar holati evaziga yaxshilashmoqchi

Endilikda mashinalar maxsus markazda ekologik holatiga qarab toifalarga ajratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.

Soʻnggi vaqtlarda ekologik muammolar, ayniqsa havo tozaligi keng jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Ekologik xavfsizlik talablariga javob bermaydigan avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar va yoʻllardagi tirbandliklar buning asosiy sabablaridan biridir. Shu bois Prezident tashabbusi bilan ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Jumladan, avtotransport vositalarining zararli tashlanmalari bilan bogʻliq ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahri Mirobod tumani Fayzobod mahallasida joylashgan Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlimi mutlaqo yangi uslubda ishlovchi zamonaviy diagnostika markaziga aylantirildi.

Prezident markaz faoliyati bilan tanishdi.

Markaz faoliyatini tashkil etishda Germaniya, Belgiya, Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlar shaharlarining ekologik muhitini muhofaza qilish sohasidagi ilgʻor tajriba inobatga olingan.

Bu yerda transport vositalariga davlat raqam belgisi biriktirish va qayd etish guvohnomasini topshirish jarayoni turli byurokratik toʻsiqlar va ovoragarchilikdan xoli qilingan, inson omili minimal darajaga tushirilgan. Avval avtomototransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni olti-yetti bosqichda amalga oshirilgan boʻlsa, hozirda bosqichlar soni uchtaga qisqardi.

Asosiysi, endilikda markazda avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi va ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib RFID chip oʻrnatilgan "qizil", "sariq" yoki "yashil" yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi.

Kelgusida joriy ekologik vaziyatdan kelib chiqib, shahar hududi bir nechta ekologik zonalarga ajratiladi va transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga koʻra, yaʼni stiker rangiga qarab, ayrim ekologik zonalarga kirishni bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda. Bunda ekologik zonalarga ruxsat etilmagan transport vositalarining kirishi avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik natijasida kelib tushayotgan jarimalar hududning ekologik holatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Tizim toʻlaqonli ishlashi uchun mamlakat boʻylab 100 ga yaqin havoni monitoring qilish avtomatik stansiyalari oʻrnatilishi, transport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan zarari darajasini baholash uchun 84 ta roʻyxatga olish-diagnostika markazlarini, shuningdek, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining 216 ta hududiy tuman boʻlinmalarini zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.

Oʻz navbatida aholi uchun elektromobillarni xarid qilishni ragʻbatlantirish, shu jumladan, bunday toifadagi avtomobillar uchun davlat raqamlarini berishda undiriladigan toʻlov miqdorlarini kamaytirish yuzasidan aniq amaliy choralar koʻriladi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid