Ramazon arafasida Isroil xurmolari boykot qilinmoqda
Rossiyada faoliyat yurituvchi Xalqaro musulmon yuristlar assotsiatsiyasi butun dunyoga tarqatiladigan Isroil xurmolarining ishlab chiqaruvchilari roʻyxatini eʼlon qilib, ularni boykot qilishga chaqirdi.

Har yili muqaddas Ramazon oyi boshlanishi arafasida quritilgan xurmo mahsuloti butun dunyo bozorlariga chiqariladi. Jumladan, “Isroilda ishlab chiqarilgan” tamgʻasi ostidagi qutilarda doʻkonlarga chiqarilgan xurmolar ham Yevropa bozorlarini egallaydi. Va har yili ularni boykot qilishga chaqiriqlar yangraydi.
Nega Isroil xurmolari boykot qilinmoqda?
Rossiyada faoliyat yurituvchi Xalqaro musulmon yuristlar assotsiatsiyasi butun dunyoga tarqatiladigan Isroil xurmolarining ishlab chiqaruvchilari roʻyxatini eʼlon qilib, ularni boykot qilishga chaqirdi. “Genotsidni moliyalashtirmang, okkupatsiya va aparteidni qoʻllab quvvatlamagan” deyiladi Assotsiatsiya bayonotida.
Faollarning bildirishicha, agar xurmo haqiqatan ham Falastinda yetishtirilgan boʻlsa, bu haqdagi maʼlumotlar ochiq koʻrsatiladi. Musulmonlar boykot qilishidan qoʻrqqan isroillik kompaniyalar esa xurmo solingan qutilarni “Made in Israel” tamgʻasi qoʻymasdan, turli arabcha va islomiy shiorlar bilan, Falastin bayrogʻi va milliy timsollari, masjid va minoralarning suratlarini tushirgan holda bozorga chiqarmoqda. Biroq tovar markirovkasi hamda ishlab chiqaruvchi nomlari va brendlari bu mahsulotlar manbasini oshkor qilib qoʻyadi.
Isroilning Gʻazoga qarshi davom etayotgan urushi, ayniqsa, muqaddas Ramazon oyi arafasida Isroil xurmolarining Yevropa bozorida sotilishiga sezilarli darajada toʻsqinlik qilmoqda.
Isroil eksporti zarar koʻrishi mumkin
Boykot Isroil eksportiga sezilarli taʼsir qiladi. Chunki isroillik ishlab chiqaruvchilarning yillik xurmo eksportining taxminan uchdan bir qismi Ramazon oyiga toʻgʻri keladi.
Isroilning Haaretz nashri maʼlumotlariga koʻra, boykotdan qoʻrqish natijasida Isroilning Medjool (Medjul) brendli xurmolarini targʻib etishga qaratilgan jami 550 ming dollarlik reklama kampaniyasi toʻxtatilgan. Chunki bu tovar belgisi ostida sotiladigan xurmolar Isroil bosib olgan Iordan daryosining gʻarbiy sohilidagi yerlarda yahudiy fermerlari tomonidan yetishtiriladi.
"Doʻkon javonlarida "Isroilda ishlab chiqarilgan" deb yozilgan tovarlarni koʻrgan har bir kishi uni sotib olishdan avval yaxshilab oʻylab koʻradigan boʻlib qoldi", degan xurmo sanoatiga aloqador tadbirkor Haaretz nashriga bergan intervyusida. – Musulmonlar nafaqat tovarlarimizni oʻzlari sotib olishmaydi, balki ulgurji sotib oluvchi doʻkon sohiblarini ham bundan qaytarishadi, deya qoʻshimcha qilgan tadbirkor.
Xalqaro miqyosda faoliyat koʻrsatuvchi BDS (Boycott, Divestment and Sanctions – Boykot, ihotalash va sanksiyalar) kabi turli nodavlat-notijorat tashkilotlar Ramazon oyi arafasida va Ramazon davomida Yevropadagi doʻkonlarga kirib, Isroil xurmolarining qutilariga “Bu genotsidga xizmat qiladi” degan stikerlarni yopishtirib ketishadi.
Bunday harakatlar Isroil eksportiga katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin.
Zero, Isroilning Medjool (Medjul) xurmosi bozoridagi ulushi 50 foizga teng. Isroil Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, faqat Isroildan xurmo eksporti qiymati 2022 yilda 338 million dollarni tashkil etgan, boshqa barcha mevalar eksporti 432 million dollarga teng boʻlgani inobatga olinsa bu sezilarli ulush.
Masalan, oʻtgan yilning oktabr oyidan boshlab, Isroilning Turkiyaga xurmo eksporti 50 foizga kamaydi, bu esa jami xurmo eksportining taxminan 10 foizini tashkil etadi.
Isroillik ishlab chiqaruvchilar boykot kampaniyalariga qarshi turish, xaridorlarga xurmolarning kelib chiqishini oshkor qilmaslik maqsadida oʻz mahsulotlaridagi yorliqlarni oʻzgartirish ustida ishlamoqda, deya xabar beradi Haaretz.
Bu birinchi martasi emas...
Aslini olganda, Isroilda ishlab chiqarilgan “qotil xurmonlarni” sotib olmaslikka chaqiriqlar har Ramazon oldidan yangraydi. Masalan, 2018 yilda Fransiyaning Shambursi shahridagi Carrefour supermarketlar tarmogʻiga oid doʻkon menejeri musulmon xaridorlarning noroziligi bois Isroilda ishlab chiqarilgan xurmo mahsulotlardan peshtaxtalardan olib tashlashga majbur boʻlgan edi.
Isroilning ISRAland yangiliklar portali maʼlum qilishicha, norozi xaridorlar “Gʻazo sektorida bolalarga qarshi vahshiyona siyosat oʻtkazayotgan Isroil mahsulotlarini musulmonlar uchun muqaddas hisoblanmish Ramazon oyida sotish ularni haqorat va masxara qilish” ekanligini taʼkidlashgan. Boykot qilishga chaqirayotgan faollar oʻz xatti-harakatlarini “bu xurmolarni sotib olish Isroil qotilliklari va istilosini moliyalashtirish bilan barobar, chunki Isroil armiyasi falastinliklarni quyondek otib oʻldirmoqda” deya izohlashgan.
Biroq Isroilning Fransiyadagi elchixonasi Fransiya hukumatidan bu borada izoh rasmiy soʻrashgan. Elchixona xodimlari vaziyatni doim monitoring qilib bormoqda, Isroil tovarlariga boykotni yoʻqqa chiqarish uchun mahalliy tadbirkorlar va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbariyati bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi.
Oʻtgan yili Ramazon oyida ham Buyuk Britaniyadagi faollar Isroil xurmolarini sotib olmaslikka chaqiruvchi kampaniyalar oʻtkazishgan. “Yorligʻini tekshiring” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbirlarda musulmonlarni xurmo sotib olishdan avval qutidagi yorliqlarni tekshirib koʻrish, Isroilda ishlab chiqarilgan boʻlsa sotib olmaslikka chaqirilgan.
Ular isroillik kompaniyalar haqidagi maʼlumotlar arab, ingliz, bengal va urdu tillarida aks etgan flayerlarni turli tashkilotlar va taʼlim muassasalari hamda masjidlar oldida tarqatishgan edi.
Shtrix-kod oʻzgarmaydi
Faollar nafaqat Isroil hududida yetishtirilgan, balki Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan Iordan daryosining gʻarbiy sohilida yetishtirilgan xurmolarni sotib olmaslikka chaqirishadi. Jumladan, mahsulot qutisidagi maʼlumotlarni tekshirish, agar qayerda ishlab chiqarilgani yashirilgan boʻlsada, tovar shtrix kodi 729 (Isroil mahsulotini anglatadi) raqamlari bilan boshlangan boʻlsa boykot qilishni soʻrashmoqda.
Euronews ning maʼlum qilishicha, Isroilning nafaqat xurmo, balki boshqa mahsulotlarini ham boykot qilishdan qoʻrqqan kompaniyalar talabi bilan Isroil tovar kodi 729 dan 841 yoki 871 ga oʻzgartirilgani haqida maʼlumotlar tarqalgan.
Biroq standartlashtirish boʻyicha vakolatli idora - GS1 notijorat tashkilotining maʼlum qilishicha, shtrix koddagi 729 raqami har doim ham bu tovarning Isroilda ishlab chiqarilganini anglatmaydi. Kompaniya Isroilda roʻyxatdan oʻtgani bilan, mahsulotni boshqa davlatda ishlab chiqargan boʻlishi ham mumkin. Tovar kodidagi raqam unga shtrix kod bergan davlatni anglatadi xolos, deya tushuntirgan idora. GS1 ning bildirishicha, 841 raqamlari bilan boshlanuvchi kodlar Ispaniya, 871 esa – Niderlandiya tomonidan berilgan.