Qozogʻiston yagona vaqt mintaqasiga oʻtdi
Hozirgacha Qozogʻistonda ikkita vaqt zonasi UTC+5 va UTC+6 qoʻllab kelingan. Mamlakat hududining katta qismi (gʻarbiy viloyatlar bundan mustasno) UTC+6 zonasida joylashgan.

Bugun, 1 martdan Qozogʻiston yagona vaqt mintaqasiga oʻtdi. “Qozogʻiston Respublikasi hududida vaqtni hisoblash tartibi toʻgʻrisida”gi hukumat qaroriga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, joriy yilning 1 martidan boshlab butun Qozogʻiston hududi yagona UTC+5 soat mintaqasiga oʻtadi.
Ostona, Olmaota, Chimkent, Aqmola, Olmaota, Jambil, Qaragʻanda, Qoʻstanay, Pavlodar, Shimoliy Qozogʻiston, Turkiston, Sharqiy Qozogʻiston viloyatlari hamda Abay, Jetisu, Ulitov viloyatlarida 29 fevraldan 1 martga oʻtar kechasi soat 00:00 da soat millari 1 soat orqaga surildi.
Atirau, Oqtoʻbi, Gʻarbiy Qozogʻiston, Mangʻistau va Qiziloʻrda viloyatlari UTC+5 soat zonasida joylashgani bois vaqt avvalgidek qoladi.
Maʼlumki, hozirgacha Qozogʻistonda ikkita vaqt zonasi UTC+5 va UTC+6 qoʻllab kelingan. Mamlakat hududining katta qismi (gʻarbiy viloyatlar bundan mustasno) UTC+6 zonasida joylashgan.
Mutaxassislarning fikricha, soat zonalarining bir xil qilingani hududlar aholisi oʻrtasidagi vaqt bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish, transport va boshqa kommunikatsiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish, biznes yuritish hamda davlat organlari va favqulodda vaziyatlar xizmatlarining oʻzaro hamkorlik qilish jarayonlari uchun katta qulaylik tugʻdiradi.
Biroq aholi oʻrtasida turli elektron gadjetlarda vaqt avtomatik ravishda oʻzgaradimi yoki qoʻlda oʻzgartirish kerakmi, degan savollar koʻpaygan. Mutaxassislarning aytishicha, bu qanday gadjet ekanligi va internet orqali vaqtni sinxronlashtirish funksiyasi yoqilganmi-yoʻqmi, shu kabi omillarga bogʻliq. Lekin har ehtimolga qarshi soat, smartfon va kompyuterlardagi vaqtni tekshirib qoʻyish yoki internetga ulanib, operatsion tizim va ilovalarni yangilash tavsiya etilmoqda.
Shuningdek, Qozogʻistondagi bank va mobil operatorlar ayrim xizmatlarda uzilish va muammolar yuzaga kelish ehtimoli haqida mijozlarni ogohlantirgan. Shu bois har ehtimolga naqd pul gʻamlab olish va zarur hollarda bank va kompaniyalarga zudlik bilan murojaat qilish tavsiya qilingan.