Qirgʻizistonda jasadni yoqishga ruxsat berildi

Krematsiya aslida nima va unga qanday zarurat bor? Kelib chiqish tarixi, dinlar tomonidan yoqlanishi qanaqa?

Tahlil
1-mart, 14:29
Qirgʻizistonda jasadni yoqishga ruxsat berildi

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov “Dafn marosimi va dafn etish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Ilgari Qirgʻizistonda bunday qonun boʻlmagan.

Mazkur qonunning diqqatni tortadigan jihati – unda Markaziy Osiyo xalqlari uchun noodatiy reallik – krematoriylar haqidagi modda ham mavjud. Yangi qonun krematoriyalar qurishni nazarda tutadi, ularning asosiy vazifasi biologik chiqindilarni yoqish boʻladi. Agar shaxs tirikligida maʼlum diniy eʼtiqod va urf-odatlarga amal qilgan boʻlsa, tegishli hujjatlar, qarindoshlarining ruxsati va Din ishlari boʻyicha davlat komissiyasining ruxsati bilangina uning jasadini yoqishga ruxsat etiladi.

Krematsiyaning ijtimoiy-siyosiy jihatlari

Krematsiya lotincha cremare soʻzidan olingan boʻlib, “yoqmoq” degan maʼnoni anglatadi. Qadimgi dinlarda maxsus dafn gulxanlari yoqilgan. Hozirda esa murdalar 1000 daraja issiqlik hosil qilinadigan maxsus yopiq pechlarda yoqiladi. Yevropada urf boʻlgan qoidalarga koʻra, murda yonishidan hosil boʻlgan kul maxsus dafn koʻzasiga solib beriladi va uni turli yoʻllar bilan dafn etish mumkin.

Arxeloglar murdani yoqish marosimlari ilk marta oʻrta paleolit davrida urf boʻlganini aniqlashgan.

Oʻrta asrlarda esa Yevropada vabo, oʻlat kabi epidemiyalar keng tarqalgani bois kasallikdan oʻlgan murdalarni yoqib yuborishgan. Shuningdek, bunday epidemiyalar qabristonga yaqin hududlarda koʻp uchrashi aniqlangan va yerga dafn qilish oʻrniga krematoriylardan foydalanishga oʻta boshlashgan.

Oxirgi paytlarda krematsiyani keng tatbiq etishga chaqiriqlar yana koʻpaymoqda. Chunki aholi soni oshib boryapti, yerlar tanqis boʻlib ketyapti. Buning ustiga krematsiya jarayoni yerga koʻmish uchun ketadigan xarajatlarga qaraganda juda arzon tushadi. Qolaversa, murdaning krematoriydan olingan kuli atrof-muhit va inson uchun mutlaqo zararsiz.

Turli davlatlar qonunlaridagi yondashuv

Rossiya qonunlarida murdani krematsiya qilish taqiqlanmagan. Rossiya hududida 1917 yilgacha sanitar-tibbiy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda oʻliklarni va biologik chiqindilarni krematoriylarda yoqish amaliyoti keng qoʻllanilgan. Masalan, turli xavfli epidemiya tufayli yoki laboratoriya tadqiqotlarida xavfli infeksion xastaliklardan oʻlgan hayvonlar yoqib yuborilgan.

Rossiyada ilk krematoriy 1908 yilda Vladivostok shahrida ochilgan boʻlib, yapon asirlarining murdalarini yoqish uchun moʻljallangan.

SSSR davrida birinchi krematoriy 1927 yilda Moskva shahrida ochilgan boʻlib, 1992 yilgacha ishlatilgan. Biroq pravoslavlarda oʻlikni yoqish taqiqlangani bois krematoriy xizmatidan foydalanish xalq orasida ommalashmagan. Lekin kommunist-bolsheviklar dindorlar fikriga zid ravishda bu xizmatni keng ommalashtirishga harakat qilishgan. 1919 yilda Lenin oʻliklarni koʻmish emas, yoqish afzalligi haqida dekret(muhimqonun)ga imzo chekkan. Qabrga dafn etish eskilik sarqiti sifatida targʻib etilgan. Yangi krematoriylar qurish – “yangi proletar madaniyat” belgisi deb koʻrsatilgan. Kommunist yetakchilaridan biri Lev Trotskiy esa sovet hukumati rahbarlarini oʻlganlaridan keyin jasadlarini yoqish borasida vasiyat qilishga chaqirgan. Natijada 150 nafar keksa bolsheviklar oʻlganidan keyin murdalarini krematsiyalashni vasiyat qilishgan.

Birgina 1929 yilda Moskva shahrida 5208 ta murda yoqilgan boʻlib, ular umumiy oʻlganlarning 17,25 foizini tashkil etgan. Jami yoqilganlarning 3432 tasi oʻlik tugʻilgan yoki chala tushgan homilalar, yorib koʻrilgan murdalar, kimligi nomaʼlum yoki qarindoshlari yoʻq murdalar edi.

Moskvadagi asosiy Donskoy krematoriysida yozuvchi Maksim Gorkiy, uchuvchi Valeriy Chkalov, shoir Vladimir Mayakovskiy kabi koʻpgina mashhur shaxslarning ham murdalari yoqilgan, ularning kuli keyinchalik Kreml devoriga dafn etilgan. Shuningdek, Lavrentiy Beriya, Marshal Mixail Tuxachevskiy, yozuvchilar Isaak Babel va Mixail Kolsov, rejissyor Vsevolod Meyerxold va krematoriy arxitektori Dmitriy Osipov hamda repressiya qilingan shaxslarning murdalari ham shu krematoriyda yoqilgan.

Hozirgi davrda Moskva shahrida 4 ta krematoriy faoliyat koʻrsatadi. Ularda har yili oʻlganlarning 40 foiziga yaqini yoqiladi. Bu yerda krematsiya dafn qilishdan koʻra arzonroqqa tushadigan dafn xizmati hisoblanadi. 2023 yilgi maʼlumotlarga qaraganda, krematsiya jarayoni 3400 rublga tushadi. Biroq yoqishdan qolgan kulni solish uchun koʻza sotib olish va hujjatlarni rasmiylashtirishga ketadigan mablagʻlar hisoblansa, qabr kavlash bilan teng xarajatga – 10770 rublga tushadi.

Umuman olganda, Rossiyada pravoslavlik dini ustuvor boʻlgani bois, murdalarni yoqish tavsiya etilmaydi. Biroq epidemiyadan oʻlganlar kabi zarur holatlarda yoqish taqiqlanmaydi. Hozirgi pravoslav ruhoniylarining koʻpchiligi krematsiya qilingani bilan inson ruhi oʻlmasligi, unga azob berilmasligini aytib, krematsiyaga qarshilik qilishmaydi.

Qozogʻistonda esa aholisining aksariyati musulmonlar boʻlgani bois, bu yerda krematoriylar hamda krematsiya jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik yoʻq. Agar marhum vasiyat qilgan boʻlsa yoki sanitar-tibbiy jihatdan zaruriyat tugʻilsa, yondirish uchun eng yaqin Rossiya shahri – Novosibirskka olib borishadi.

Tojikiston va Turkmanistonda ham vaziyat deyarli shunga oʻxshash. Biroq ayrim firmalarning reklamalarida krematsiya xizmati taklif etilgan. Ular katta ehtimol bilan murdalarni turli tibbiy muassasalar qoshidagi biologik chiqindilarni yoqish pechlarida krematsiya qilishsa kerak.

AQSh va Yevropaning aksariyat davlatlarida krematsiya amaliyoti keng tarqalgan dafn etish usuli hisoblanadi. Krematoriyda yoqilgan murdaning kuli (agar suyaklari chala yongan boʻlsa maydalanib, kukun holiga keltiriladi) murda sohiblariga topshiriladi. Keyin uni marhum vasiyati yoki qarindoshlarining xohish-irodasiga koʻra, diniy yoki fuqarolik dafn marosimi oʻtkazilib, yerga koʻmiladi yoki kuli shamolga sovuriladi yoki kolumbariylarga – shunday kul solingan koʻzalar saqlanadigan makonlarga qoʻyiladi.

AQShdagi krematoriylardan birida marhumning jasadini pechga joylash jarayoni.

Dinlarda murdani yoqishga yondashuv

Eramizdan avvalgi davrlarda, qadimgi Misrda boy va amaldor marhumlarni mumiyolashgan.

Ayrim dinlarda, shuningdek, kemada vafot etganlarning murdalari suvga oqizib yuborish yoʻli bilan dafn etilgan.

Zardushtiylik va otashparastlik dinida esa murda xarom narsa hisoblangan. Shu bois murdani yerga koʻmsak, yerni xarom qiladi, degan eʼtiqodda uni baland tepalikka chiqarib qoʻyishgan. Oʻsha yerda murda qurt-qumusqa, qushlar va vahshiy hayvonlarga yem boʻlgan. Olov muqaddas hisoblangani bois murdalarni olovda yoqishmagan.

Qadimgi Yunonistonda murdalarni yoqish muqaddas ish hisoblangan. Keyinchalik bu marosim usuli Rimga ham koʻchgan.

Murdalarni yoqish buddaviylik va hinduviylik dinlarida ham asosiy va diniy marosim hisoblanadi.

Afsonalarga koʻra, Budda vafot etganida uning murdasini yoqishgan. Kulini esa Hindistonning turli qismlariga tabarruk kul sifatida tarqatishgan. Ular maxsus gumbazlarda – stupalarda saqlangan.

Hindisonda hozir ham murdalarni yoqishadi. Biroq ochiq olovda murda chala yongani bois, uni shu holicha Ganga daryosiga tashlab yuborishadi. Hindlar Ganga suvini muqaddas hisoblashadi va xuddi shu daryoda oqib kelayotgan, chala kuygan oʻliklar davrasida bemalol choʻmilishadi, ogʻizlarini chayishadi. Bunday antisanitar-gigiyenik amallar infeksion kasalliklarning tarqalishiga sabab boʻladi.

“Muqaddas” daryodagi manzara.

Shuningdek, hindlarda sati diniy marosimi ham mavjud boʻlgan. Yaʼni biror ayolning eri oʻlsa, uni tirik holida erining murdasi bilan birga gulxanda yoqib yuborishgan. Biroq shoh va shoir Bobur mirzo hind yerlarini bosib olgach, bu odatlarga chek qoʻygan.

“Hind bevasini erining murdasi bilan birga yoqish marosimi” “Xitoy, Hindiston tarixi suratlarda” kitobidan, 1851 yil.

Oʻzbekistonda qanday?

Oʻzbekistonda asosan islom va nasroniylik diniga eʼtiqod qiluvchi odamlar yashayotgani, ushbu dinlarda oʻliklarni yoqib utilizatsiya qilish nomaqbul ish hisoblangani bois, faqat yerga dafn etish amaliyoti qoʻllaniladi. Shuningdek, krematsiya faoliyati qonunchilik bilan ham tartibga solinmagan. Mamlakatda aynan oʻliklarni yoqadigan krematoriylar yoʻq.
Lekin Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi qoshida krematoriy pechi mavjud va undan, asosan, favqulodda holatlarda, biologik chiqindilar hamda oʻtkir epidemiya paytida murdalarni yoqish uchun foydalaniladi. Krematsiya xizmatini istagan shaxslar esa murdani rux tobutga solgan holda boshqa yaqinroq davlatlarga, aytaylik, Rossiyaga olib chiqib yoqdirishi mumkin.
Oʻzbekistonda krematsiya masalasi qayta qurish davridayoq muhokama qilingan. Biroq aholi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlarda bu gʻoya oʻz tarafdorlarini topmagan. Bu diniy eʼtiqodlar bilan bogʻliq boʻlgani ehtimolga yaqin

Shu bilan birga, 2020 – “Fan, taʼlim va raqamli iqtisodiyot yili” davlat dasturida Oʻzbekistonda biologik chiqindilarni utilizatsiya qilish uchun statsionar krematoriylar qurish koʻzda tutilgan edi. Bunday krematoriylarni Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining Qoraqalpogʻiston hamda viloyatlardagi boʻlimlari qoshida tashkil etish talabi qoʻyilgan.

Ekologlarning aytishicha, Oʻzbekistonda hali murdalarni yoqish uchun krematoriylar qurishga ehtiyoj yoʻq. Chunki odatiy qabristonlarning atrof-muhit, yerosti suvlari va ekologiyaga salbiy taʼsiri haqida maʼlumotlar yoʻq. Bu boradagi ehtimoliy sanitar-epidemiologik zararlarning oldini olish bilan esa vakolatli tibbiy tuzilmalar shugʻullanadi. Shuningdek, qabriston uchun joy yetishmasligi ham mamlakatimizda hali dolzarb muammo emas.

Islom dini taʼlimotlariga koʻra, ilk qotillik Odam Atoning oʻgʻli Qobilning oʻz ukasi Hobilni oʻldirib qoʻyganida roʻy bergan. Qobil murdani birinchi marta koʻrayotgani bois, nima qilishini bilmagan. Shunda xudoning qudrati bilan uning oldiga ikki qargʻa qoʻnadi va bir-biri bilan urishib ketadi. Ulardan biri ikkinchisini choʻqilab oʻldirib qoʻyadi. Keyin panjalari bilan yerni kavlab, oʻlik qargʻani unga koʻmib ketadi. Qobil ham undan oʻrnak olib, Hobilni dafn etadi. Shundan buyon inson murdasini yerga dafn qilish urf boʻlgan ekan.

Aslida Islomda oʻliklarni ham tirikdek hurmat qilish va tezroq yerga dafn etish buyuriladi. Shuningdek, hadislarda oʻliklarga azob bermaslik, ularning suyaklarini sindirmaslik kerak, bundan marhum azob chekadi, deyiladi.

Biroq asosiy dogmalarga koʻra, odam oʻlgach, uning ruhi tanani tark etadi va oʻz mustaqil hayotini boshlaydi. Shu boisdan ayrim ulamolar zaruriyat tugʻilgan hollarda oʻliklarni yoqishga ruxsat berishgan. Chunki qiyomatda xudo suyaklari toʻrt qitʼaga yoyilib ketgan oʻliklarning qoldiqlaridan ham tiriltirish qudratiga ega, murdani yoqish yoki yoqmaslik uning qudratiga xalal bermaydi, deb izohlashadi.

Shuningdek, boshqa samoviy dinlar – yahudiylik va nasroniylik dinida ham murdalarni faqat va faqat yerga koʻmish talab etiladi, yoqish mumkin emas. Lekin ayrim oqimlarida istisno holatlarda murdalarni yoqish mumkin deb hisoblashadi.

Masalan, Yunonistonda 2016 yilgacha krematoriy boʻlmagan, Kiprda hozir ham yoʻq. Chunki ularda nasroniylikning pravoslav oqimi hukmron boʻlgani bois murdalarni yoqish taqiqlanadi. Lekin nasroniylarning keyin paydo boʻlgan oqimi – Iyegova shohidlari krematsiyani taqiqlamaydi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+