platina.uz
Jamiyat

Endi bolalar qonun bilan ham himoya qilinadi

Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Endi bolalar qonun bilan ham himoya qilinadi

27 fevral kuni “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Qonun loyihasida jabrlanuvchilarni himoya orderi berish va taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarini taqiqlash koʻzda tutilgan. Qolaversa, qonun bilan bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

“Bolalar ruhiyati va xarakteriga taʼsir etuvchi bu kabi salbiy illatlar - zoʻravonlik va tazyiq kelajakda reviktimizatsiya (qayta shikastlanish) xavfini, xususan keyingi avlodlarda ham zoʻravonlikning davom etishini sezilarli darajada oshiradi.

Bolalarga alohida zoʻravonlik holati ham har bir bola uchun katta fojia boʻlib, uning oqibatlari bolaning butun hayoti davomida davom etadi, uning jismoniy, psixologik, ijtimoiy va axloqiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatib, bolaning akademik koʻrsatkichlariga taʼsir qiladi”, deb yozdi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov X tarmogʻidagi sahifasida.

Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllariga taʼrif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan taʼqib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.

Mazkur hujjat bilan ilk bor yangi institut joriy qilinyapti. Yaʼni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zoʻravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxsga hamda zoʻravonlikdan jabrlanuvchining oʻziga beriladi.

Bundan tashqari, loyihada bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qoʻyilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishi, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishi hamda zararli taʼsir koʻrsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Hujjatda taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻyilmasligi, taʼlim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zoʻravonlikning har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qoʻllashga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilanmoqda.

Shu bilan birga, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalar toifalarining (yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shugʻullanayotgan bolalar) qonun loyihasida aniq belgilab berilganligi, sohadagi vakolatli organlarga zoʻravonlikdan jabrlangan, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirishiga yordam beradi.

Shu sababli ham mazkur hujjatning ishlab chiqilishi mamlakatimizda bolalar huquqining taʼminlanishini mustahkamlash sari yana bir qadam boʻlganini alohida taʼkidlash kerak. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga koʻra, qonun loyihasi bundan 4 oy muqaddam yuqori darajadagi Davra suhbati doirasida muhokama qilingan, xususan, bolalar ustidan zoʻravonlikning har qanday shakliga nisbatan yakdil murosasiz munosabat shakllantirilgan. Oʻtgan davr davomida ishchi guruh tomonidan sezilarli ishlar amalga oshirilgan.

“Qonunning joriy qilinishi profilaktika hamda zoʻravonlik qurbonlariga kompleks yordam koʻrsatish tizimini yaratishga yordam beradi. Bunda, Ijtimoiy himoya milliy agentligi zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoyalashda har bir bolaning huquqlarini taʼminlovchi vakolatli organ etib belgilandi.

Biz bilan birgalikda ushbu muhim hujjat ustida ish olib borgan barcha koʻngilli odamlar, hamkorlar va hamkasblarga minnatdorlik bildiraman. Yana bir marta barchani bolalarga nisbatan zoʻravonlik barham topishi uchun kuchlarni birlashtirishga undab qolaman!”, deya taʼkidlagan u Instagramdagi sahifasida.

Loyihada, shuningdek, zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlari hamda ularni zoʻravonlikdan himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari belgilanmoqda. Xususan, zoʻravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qoʻllash uchun asos boʻladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid