Toshkent viloyatida hal etilmagan 10 mingga yaqin murojaat qayta koʻrildi
Ularning aksariyat qismi sud, oila va xotin-qizlar, tibbiy yordam, pensiya, maktabgacha va maktab taʼlimi, kredit olish, aliment toʻlovlari, yoʻllar taʼmiri, gaz, elektr, suv taʼminoti kabi masalalar bilan bogʻliq

Prezident topshirigʻiga asosan Prezident Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonalari boshchiligidagi 20 dan ziyod vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Toshkent viloyatida davom ettirdi.
Ishchi guruh tomonidan bir hafta davomida Toshkent viloyatida aholi kayfiyati bilan bogʻliq dolzarb muammolarni oʻrganish va ularni imkon qadar joyida tezkorlik bilan hal etish masalalari bilan shugʻullandi.
Prezident maslahatchisining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiyev boshchiligida guruh viloyat boʻyicha aholidan kelib tushgan 10 mingga yaqin hal etilmagan murojaatlar qayta koʻrib chiqilib, shularda 2 mingga yaqin oʻz ijobiy yechimni topdi. Qolgan qismi qayta oʻrganishga berilib, nazoratga olindi.
Hal etilgan murojaatlarning aksariyat qismi sud, oila va xotin-qizlar, tibbiy yordam, pensiya, maktabgacha va maktab taʼlimi, kredit olish, aliment toʻlovlari, yoʻllar taʼmiri, yoʻl belgilarini oʻrnatish, gaz, elektr, suv taʼminoti kabi masalalar bilan bogʻliq boʻldi.
Oʻtkazilgan sayyor sudlar natijasida 68 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi, 67 nafar shaxsning oʻtalmay qolgan jazosi yengilrogʻi bilan almashtirildi, 14 nafar shaxslar sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, 3 ta fuqarolik ishi taraflar yarashganligi munosabati bilan ish yuritishdan tugatildi.
Bundan tashqari, 122 ta ish boʻyicha jami 45,2 mlrd. soʻm tadbirkorlik subʼektlari foydasiga undirildi, aliment toʻlovchi qarzdorlardan jami 747,6 mlrd. soʻm mablagʻ undirib berildi.
Murojaatlar asosida qoʻshimcha 93,1 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi, 2 km elektr tarmogʻi tortildi, 73 ta temir-beton ustunlar oʻrnatildi, 8 ta transformator taʼmirlandi, 15 km yoʻllar va 1 ta koʻprik taʼmirlandi.
Shu bilan birga Xalq qabulxonalari boshchiligida viloyat, tuman, shahar sektor rahbarlari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilib, 456 ta masala koʻtarildi. Shulardan 302 tasi qanoatlantirilgan boʻlsa, 154 ta masala ijrosi nazoratga olindi.
Kelib tushgan murojaatlar asosida 8 km ichki yoʻllar shagʻallashtirildi, 1 km yoʻl asfalt qilindi, 3 ta yangi transformator taʼmirlandi, 22 ta temir-beton tayanchlar oʻrntalidi, 10 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, 8 km ichimlik suvi tarmogʻi yangidan tortildi, 4 ta ichimlik suvi ishooti taʼmirlandi.
Tadbirlar doirasida viloyat aholisi uchun tibbiy koʻriklar tashkil etildi. Natijada, 540 nafar bemorlarga ambulator sharoitda davolanishga tavsiya berildi, 66 nafar bemorlarga tuman, shahar va viloyat muassasalarida davolanish va tekshiruvlar uchun yoʻllanma berildi.
Oʻrganish natijalari vazirlik, idoralar masʼullari va sektorlar rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi. Aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma va topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish uchun aholi uchun dolzarb boʻlgan respublika idoralari darajasida hal etilishi talab etiladigan masalalar roʻyxati shakllantirildi.
Respublika ishchi guruhining navbutdagi manzili Xorazm viloyati.