BAA pasporti “mobillik” indeksi boʻyicha yana barcha gʻarb davlatlarini ortda qoldirdi
Mazkur reytingda Markaziy Osiyoda Qozogʻiston pasporti eng kuchli deb topilgan (54-oʻrin). Oʻzbekiston esa 67- pogʻonada.

Jahon davlatlari pasportlarining “mobillik” indeksi boʻyicha 2024 yil uchun reytingi eʼlon qilindi.
Reyting fuqarolik pasporti bilan qancha davlatga vizasiz safar qila olish imkoniyatiga koʻra tuzilgan.
Joriy yil reytingida yana Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) pasporti yetakchi boʻldi. Bu davlat fuqarolari indeksi 179 deya baholangan boʻlib, 134 ta davlat bilan vizasiz rejim oʻrnatgan, 45 ta davlatga kirishda viza olish talabi mavjud, faqat 19 davlatga borish uchun viza talab qilinadi.
Taʼkidlash kerak, pasportlarning mobillik indeksi vizasiz chiqsa boʻladigan davlatlar soni va kirishda viza talab qiladigan davlatlar sonini qoʻshgan holda chiqariladi. (Masalan BAA uchun – indeks = 134 ta vizasiz + 45 ta kirish vizasi = 179)
Umuman olganda, BAA 2020 yilni hisobga olmaganda, 2018 yildan beri peshqadamlikni qoʻldan bermay keladi.
Aslini olganda, vizasiz safar tartibi oʻrnatilgan mamlakatlar reytingida BAA pasporti Fransiya (137 davlat bilan vizasiz tartib), Germaniya (136), Italiya (136), Niderlandiya (135), Ispaniya (135), Shvetsiya (135), Finlyandiya (135) pasportidan keyingi oʻrinda turadi. Lekin BAA fuqarolari uchun atigi 19 ta davlat viza talab qiladi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning aksariyati (21-23) BAAdan ancha orqada.
Mazkur reytingda Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozogʻiston pasporti eng kuchli deb topilgan (54-oʻrinda). Bu mamlakat fuqarolik pasporti indeksi 90 ga teng, 43 ta davlat bilan vizasiz rejim oʻrnatilgan, 47 ta davlatga kirishda viza olish talab etiladi, 108 ta davlat viza talab qiladi.
Keyingi – 67-oʻrinni Gambiya, Uganda, Qirgʻiziston va Hindiston bilan boʻlashgan holda, 73 balli indeks bilan Oʻzbekiston turibdi. Yurtimiz pasporti bilan 30 ta davlatga vizasiz chiqsak boʻladi, 43 ta davlatga kirishda viza olishimiz kerak, 125 ta davlatga esa viza olmasdan kira olmaymiz.
Qirgʻiziston pasporti esa barcha parametrlar boʻyicha Oʻzbekiston pasporti bilan bir xil.
Tojikiston pasporti 69-oʻrinda boʻlib, mobillik indeksi boʻyicha 71 ga teng. Tojikistonliklar 27 ta davlatga vizasiz, 44 ta davlatga kirishda viza bilan safar qila oladi, 127 ta davlatga chiqish uchun viza olishi zarur.
77-oʻrinda turgan Turkmaniston pasporti mintaqamizdagi eng kuchsiz pasport deb topilgan. Bu davlat pasport indeksi 63 ga teng boʻlib, uning sohibi 18 ta davlatga vizasiz chiqishi mumkin.
Jahon pasportlari orasida eng “kuchsizi” - 39-oʻrinda turgan Suriya pasporti boʻlib, u bilan atigi 9 mamlakatga vizasiz chiqish mumkin.
Garchi Afgʻoniston pasporti umumiy indeks boʻyicha Suriyadan tepada turgan boʻlsada, afgʻonistonliklarni faqatgina 7 ta davlat vizasiz mamlakatga kiritadi.
Qayd etish kerak, biror davlatning pasport indeksi ushbu davlatdagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlik, farovonlik va jahon davlatlari bilan yaxshi munosabatlar hamda boshqa koʻrsatkichlarni ham bilvosita ifoda etishi mumkin.