Tadbirkorlarning eʼtiroziga sabab boʻlgan jarima keskin kamaytirildi
Hozirgacha undirilgan jarima summalarining 98 foizi kelgusi toʻlovlar hisobiga tadbirkorlik subʼektlariga qaytariladi.

Tadbirkorlarning eʼtiroziga sabab boʻlgan jarima summasi keskin kamaytirildi. Prezident farmoni bilan Soliq kodeksining 227 prim 1-moddasiga asosan qoʻllanilgan jarima summasining 98 foizi hisobdan chiqariladi. Hujjatga koʻra:
- Fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi (avval 100 foizi);
- Bir yil davomida takror sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qoʻllanilgan moliyaviy jarimalar boʻyicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi va qarzdorlikni undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlari tugatiladi.
Undirilgan jarima summalarining 98 foizi kelgusi toʻlovlar hisobiga tadbirkorlik subʼektlariga qaytariladi.
"Ilgari bu modda boʻyicha fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek tovarlarni ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab boʻlar edi.
Tadbirkorlarni sindirayotgan "podstava" qonun oʻzgarmoqda", deya yozadi sobiq deputat Rasul Kusherbayev.