Makron NATO askarlari Ukrainaga borishini istisno qilmadi
Fransiya prezidentiga koʻra, bu qachondir sodir boʻlishi mumkin. Rossiya tomoni esa buni urush eʼlon qilish sifatida baholaydi.

Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron kelajakda Ukrainaga NATO qoʻshinlarini yuborishni istisno qilmadi, uning soʻzlaridan BFMTV iqtibos keltirmoqda.
“Bugun quruqlikdagi qoʻshinlarni Ukrainada rasmiy, moʻljallangan va tasdiqlangan tarzda joylashtirish boʻyicha konsensus yoʻq. Ammo kelajakda hech narsani inkor etib boʻlmaydi”, — dedi Makron.
Uning soʻzlariga koʻra, bu imkoniyat "variantlar orasida qayd etilgan".
Gollandiya bosh vaziri Mark Ryutte, oʻz navbatida, qoʻshinlarni yuborish masalasi "kun tartibida emasligini" taʼkidladi.
Emmanuel Makronning qayd etishicha, ikki yil avval Yevropada hech kim tanklar, samolyotlar va boshqa qurollarni Ukrainaga berishni tasavvur qilmagan, demak kelajakda askar yuborish amaliyoti ham sodir boʻlishi mumkin.
Germaniya kansleri Olaf Shols esa qurolli kuchlarni joʻnatish masalasini inkor etgan, uning aytishicha, mamlakat Ukrainadagi mojaroda "urushuvchi tarafga aylanishni istamaydi".
Rossiya tomoni esa NATO askarlarining Ukrainaga kirishi urush eʼlon qilish bilan teng ekanini taʼkidlab keladi.
Avvalroq Shvetsiya NATOning yangi aʼzosiga aylangandi.