Germaniya va Saudiyada Oʻzbekiston IT park vakolatxonasi ochiladi
Ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 2027 yil 1 yanvargacha har bir vakolatxonaga yiliga 200 ming dollar ekvivalentigacha moliyalashtirish uchun mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.

2024 yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida asosiy faoliyati mahalliy korxonalar uchun IT-xizmatlar boʻyicha buyurtmalarni jalb qilishga qaratilgan IT-park vakolatxonasi (filiali) faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda IT-park direksiyasiga mazkur xorijiy mamlakatlarda vakolatxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 2027 yil 1 yanvargacha har bir vakolatxonaga yiliga 200 ming dollar ekvivalentigacha moliyalashtirish uchun mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.
“Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident qarorida shu haqda soʻz boradi.
Shuningdek, qarorga koʻra, quyidagilar amalga oshiriladi:
- Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda IT-sanoatni rivojlantirish, aholini yuqori daromadli ish oʻrinlari va zamonaviy kasblar bilan taʼminlash, shuningdek, hududlarga IT-xizmatlar eksport qiluvchi korxonalarni keng jalb qilishga qaratilgan dastur (Zero Risk);
- mahalliy bozor uchun IT-xizmatlar koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarni xalqaro IT-bozorga olib chiqish, ularning eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyiha (Local to Global).
Xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda, shu jumladan, 2024 yilda AQSh va Germaniyada “Oʻzbekiston IT-kunlari” xalqaro tadbirlari oʻtkaziladi.