“Toshshahartransxizmat”ning 5 masʼuli ishdan olindi
Soʻnggi vaqtlarda avtobuslar bilan sodir boʻlayotgan texnik nosozliklar, tutash holatlari va yoʻl-transport hodisalari koʻpayib bormoqda.

“Toshshahartransxizmat” AJning 5 nafar masʼuli ishdan olindi. Bu haqda AJning matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi oʻrinbosari – bosh muhandis J.Mannopov, Idoralararo tezkor shtab boshligʻi B.Mamenov, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari boshchiligida, avtobus saroyi filiallari rahbarlari, bosh mexaniklar va masʼul xodimlar ishtirokida avtobuslar bilan sodir boʻlayotgan texnik nosozliklar, tutash holatlari va yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari muhokamasiga bagʻishlangan tezkor yigʻilish boʻlib oʻtgan.
Toshkentda avtobuslarning texnik holatiga masʼul boʻlgan, ularning yoʻnalishga chiqish oldi texnik koʻrigini talab darajasida bajarmay, oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondoshgan xodimlarga chora koʻrilib, 5 nafar masʼul xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, fevral oyi boshida “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi Anvar Joʻrayev qoʻlga olingandi. Shuningdek, DXX tezkor tadbirda jamiyatning bir qator mansabdorlarini ham ushladi.